“Keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi va tizimda ko‘p yillar samarali mehnat qilib hozirgi kunda nafaqada keksalik gashtini surayotgan faxriylar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi 816-son Qarori bilan har yili oktyabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilangan.
Mazkur haftalikni keng tarzda nishonlash, tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha viloyatning barcha shahar-tumanlarida oila, xonadon, mahalla, sektor, tuman hamda viloyat tadbirlari manzilli va maqsadli tashkil etilishi belgilab berildi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, shuningdek yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik anʼanalarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishidagi rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bois, bugun G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylarning kelgusi avlodlarga namuna bo‘ladigan jasoratini, ko‘rsatgan ibrat namunalarini ommalashtirish, Vatanimiz mustaqilligi va el-yurtimiz osoyishtaligi yo‘lida aziz jonlarini fido qilgan xodimlarning yorqin xotirasini eʼzozlashga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy kechalar qatorida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.
Bunda, ichki ishlar organlari sohasida uzoq yillar mehnat qilgan, hozirgi kunda keksalik gashtini surayotgan soha faxriylari munosib rag‘batlantirilib, ularning boy mehnat tajribasini “Ustoz-shogird” yo‘nalishi asosida yosh xodimlarga o‘rgatish, faxriylarni eʼzozlash, eng asosiysi, yoshlarning ongida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish oliy burchimiz” konseptual g‘oyasini singdirish va shu asosda xizmat olib borish yo‘nalishlari belgilab olindi.