Kogon shahrida sodir bo‘lgan o‘g‘irlik jinoyati “Lord” laqabli xizmat iti yordamida fosh etildi.
Kogon shahar Ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, 2021 yilning 26 noyabr kuni soat 01:45 lar chamasida nomaʼlum shaxs Kogon shahar “Buxoroshox” ko‘chasida joylashgan “SILVER STUDY KONSULT” MCHJ ning xizmat xonasiga kirib, u yerdan 1999 yilda tug‘ilgan shu MCHJ rahbari R.B. ga tegishli bo‘lgan, bahosi 2.500.000 so‘mlik “Lenova” rusumli noutbuk, bahosi 300.000 so‘mlik videokuzatuv moslamasi hamda uning xotirasini hamda 21.400.000 so‘m pullarini yashirin ravishda o‘g‘irlab, jami 24.200.00 so‘mlik moddiy zarar yetkazib, voqea joyidan yashiringan.
Mazkur holat bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyga yetib borgan tergov tezkor guruhi tarkibida bo‘lgan xodimlar tomonidan kinolog T.Ostonov tarbiyasida bo‘lgan “Lord” laqabli xizmat iti yordamida olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida jinoyatni sodir qilgan Kogon tumani Beklar mahallasida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan, I.I. ismli shaxs fosh etilib, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan I.I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.