10 Fevral 2022 yil 1577

Kogon shahrida sodir etilgan mudhish qotillik jinoyati viloyat Ichki ishlar va Soliq boshqarmalari boshliqlari hamda shahar sektor rahbarlari tomonidan mahallada keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.

Joriy yilning 8 fevral kuni soat 13:25 larda, Kogon shahar “Buxoroyi Sharif” mahallasida yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan Ch.O‘. o‘z uyida 1949 yilda tug‘ilgan onasi N.O.ni oilaviy kelishmovchilik sabab qo‘llari bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Holat yuzasidan Kogon shahar prokuraturasi tomonidan sud tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, Ch.O‘.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u qamoqqa olingan.

Bugun, 10 fevral kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev boshchiligida, Soliq boshqarmasi boshlig‘i Maqsud Mamatxanov hamda Kogon shahar 4 ta sektor rahbarlari, jinoyat sodir bo‘lgan «Buxoroyi Sharif» mahallasiga biriktirilgan taalluqli idoralar vakillari, mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari, hududiy profilaktika inspektori, hokim yordamchisi va yoshlar bilan ishlab bo‘yicha yetakchisi, mahalla hududidagi ko‘cha vakillari, faollar va keng jamoatchilik ishtirokida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari, shuningdek, mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, profilaktik tadbirlar joyiga chiqib o‘rganildi va jinoyat muhokamasi o‘tkazildi.

Jinoyatni muhokama qilish jarayonida ushbu mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalari yuzasidan hisobotlari tinglanib, masʼullar mazkur jinoyat sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar yuzasidan tushuntirishlar berdilar.

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyev ushbu mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mutasaddilar, profilaktika inspektorlari, tuman Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi, hokim yordamchisi va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yetakchi, ichki ishlar bo‘limi va boshqa taalluqli idoralar vakillari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqidiy muhokama qilib, mahallada faoliyat olib boruvchi har bir masʼulning ish natijalarini qayta ko‘rib chiqish va ish samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish zarurligini taʼkidladi.

Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari tahlil qilingan holda ushbu mahallada, shuningdek, shaharning qolgan barcha mahallalarida, qolaversa viloyatning barcha hududlari va mehnat jamoalarida ushbu jinoyat va uning oqibatlarini taʼsirchan muhokama qilish, kelgusida bu kabi og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.

Text to speech