Kogon tumanida sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyati videokuzatuv moslamasi yordamida fosh etildi.
Kogon tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, 2021 yilning 23 iyul kuni soat 11:00 dan soat 12:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida nomaʼlum shaxs Kogon tumani Tutkunda mahallasi Sheyxon qishlog‘ida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan tadbirkor ayol A.N. ning yashash uyiga devor orqali g‘ayriqonuniy ravishda kirib, uning xonadonidan 3.000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘lari va jami bahosi 36.700.000 so‘mlik tilla taqinchoqlarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, jabrlanuvchiga jami 68.495.980 so‘mlik moddiy zarar yetkazib, voqea joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Kogon tumani Ichki ishlar bo‘limi tergov-tezkor guruhi tomonidan hodisa sodir bo‘lgan joy sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirilib, kechiktirib bo‘lmas tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan holda nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gap shundaki, o‘g‘irlik sodir etgan shaxs Tutkunda mahallasiga xavfsiz mahalla tamoyili asosida o‘rnatilgan kameralardan biriga tushib qolgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan surishtiruv hamda dastlabki tergov harakatlari, shuningdek mahalla hududidagi videokameralar tasvirlari yuzasidan o‘tkazilgan tezkor-texnik tadbirlar davomida ushbu jinoyatni asli Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida ro‘yxatda turuvchi, muqaddam to‘rt marotaba o‘g‘irlik jinoyatini sodir qilgan, bugungi kunda Muborak tumani Ichki ishlar bo‘limi Probatsiya xizmati nazorati ostida turuvchi, Buxoro shahar Mirdo‘stim ko‘chasida vaqtincha yashab kelayotgan 1991 yilda tug‘ilgan, xavfli retsidiv X.A. ismli shaxs sodir qilganligi fosh etildi.
Jinoyatni fosh etish jarayonida u ro‘yxatda turuvchi hamda vaqtinchalik istiqomat qilib kelayotgan yashash manzillarida tintuv tergov harakatlari o‘tkazilganda, jinoyatga aloqador bir qancha ashyoviy dalillar aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsning Qashqadaryo hamda Buxoro viloyatining turli hududlarida sodir etgan 4 ta o‘g‘irlik jinoyati fosh etilib, ayblanuvchi X.A.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va uning boshqa shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.