25 Avgust 2021 yil 493

Kriminogen vaziyati og‘ir deya baholangan Buxoro shahrida jinoyatlarni jilovlash hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar natijalari sektor rahbarlari ishtirokida muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov tomonidan joriy yilning 17 avgust kuni o‘tkazilgan Hayʼat yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida, bugun viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev mutasaddi rahbarlar bilan birgalikda, respublikamizning kriminogen vaziyati og‘ir deya baholangan 45 ta shahar va tumanlaridan biri sanalgan Buxoro shahrida jinoyatlarni jilovlash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan manzilli tadbirlarning 7 oylik yakunlarini muhokama qildi.

Muhokamada Buxoro shahar hokimi va sektor rahbarlari, Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining barcha shaxsiy tarkibi, shaharning kriminogen vaziyati og‘ir, qizil toifaga kirgan mahallalariga ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlaridan biriktirilgan masʼul xodimlar va boshqa mutasaddilar ishtirok etdilar.

O‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida shahar hududini jinoyatlardan xoli hududga aylantirish, qizil toifaga kirgan mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar, yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar yuzasidan mahallalarga biriktirilgan masʼul rahbarlar, profilaktika inspektorlari va boshqa mutasaddilarning hisobotlari tinglanib, masʼullar tomonidan mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, qizil mahallalarni yashil toifaga o‘tkazish borasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar va takliflar birma-bir tahlil qilindi.

Shahar hududidagi 15 ta kriminogen vaziyati og‘ir qizil toifaga kirgan mahalla huquq-tartibot maskani profilaktika inspektorlari va ushbu mahallalarga biriktirilgan masʼullarning amalga oshirgan ishlari tanqidiy ko‘rib chiqilib, 7 oylik ish natijalari bo‘yicha past ko‘rsatgichlar qayd etib kelayotgan masʼullar va profilaktika inspektorlarining faoliyati qoniqarsiz baholandi.

Tanqidiy ruhdagi muhokama yig‘ilishida shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Jinoyat qidiruv, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Jamoat tartibini saqlash, Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlari, 1,2,3 va 4-son IIB rahbar va masʼul xodimlari qattiq ogohlantirilib, bir qator masʼullarga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qo‘llash borasida qarorlar qabul qilindi.

Yig‘ilishda xodimlar, ayniqsa profilaktika inspektorlarining xizmat va turmush sharoitlarini yaxshilash borasidagi vazifalar ham muhokama qilinib, eng avvalo mavjud muammoli masalalarni hal etish choralari belgilab olindi.

7 oylik ish natijalari bo‘yicha yuqori ko‘rsatgichlarga erishgan bir qator xodimlar viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tashakkurnomasi va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar yuzasidan barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan manzilli tadbirlar jamlangan yo‘l xaritalarini ishlab chiqib ijroga qaratish, ushbu mahallalarni yashil hududga aylantirish borasida topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilish yakunida boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev tomonidan shahar hokimi va barcha sektor rahbarlariga, shuningdek sohaviy xizmatlar, Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbar va masʼul xodimlariga Ichki ishlar vazirligining joriy yil 17 avgust kunidagi Hayʼat yig‘ilishida berilgan topshiriqlari birma-bir tushuntirib berilib, ijrochilik intizomiga qatʼiy rioya qilish, huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, bu boradagi tezkor, profilaktik va tashkiliy tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va samarali tashkil etish, zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbus ko‘rsatib, hamkorlikda xizmatni tashkil etishlari taʼkidlandi.

Text to speech