11 Sentyabr 2022 yil 672

Malaka oshirish o‘quv kurslari yakunlandi

O‘zbekiston Respublikasi IIVning joriy yil 23 maydagi tegishli “Tuman (shahar) ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligini yana-da oshirish bo‘yicha o‘quv yig‘inlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida viloyatimizda ham qator ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Buxoro tumani hududida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli 28803-sonli harbiy qism o‘quv bazasida Buxoro viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan profilaktika inspektorlari bilan navbatdagi o‘quv yig‘inlari tashkil etildi.

Bunda, viloyat IIB hamda bir qator huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda profilaktika inspektorlarining kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligini yana-da oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar namunali tarzda o‘tkazildi.

O‘quv kursining asosiy maqsadi profilaktika inspektorlariga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishda hududdagi tezkor va kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, prognozlash va baholashning zamonaviy usullarini o‘rgatish, tajriba almashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va sharoitlarni o‘rganish, mavjud kuch va vositalarni to‘g‘ri taqsimlash, shuningdek, xizmat faoliyatiga oid islohotlar va yangiliklar, yuridik va maxsus tayyorgarlik bo‘yicha bilimlarini oshirishdan iborat.

O‘quv kursi tasdiqlangan o‘quv dasturi asosida O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti xodimlari tomonidan innovatsion-pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar va zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali amalga oshirildi.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilar tomonidan qonun hujjatlari va amaliyot jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha savollarga institut professor-o‘qituvchilari tomonidan atroflicha javob berildi.

Mashg‘ulotlarga malakali pedagog o‘qituvchilar, tajribali harbiy xizmatchi va xodimlar, tibbiyot sohasidagi malakali mutaxassislar jalb etilib, o‘quv kursi yakunida tinglovchilardan yakuniy imtihon olindi.

O‘quv kursini muvaffaqiyatli tugatgan xodimlarga viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, MM va KBTX rahbari Umid Utayev tomonidan belgilangan namunadagi sertifikatlar topshirildi.

Text to speech