Navbatdagi hokim va profilaktika inspektorlarining uchrashuvi Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida Shofirkon tumanida o‘tkazildi.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5050-sonli Qarori, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov rahbarligida 2021 yilning 18 mart kuni Buxoro viloyatida o‘tkazilgan qo‘shma sayyor yig‘ilish bayoniga muvofiq tuman (shahar) larda hokim va profilaktika inspektorlarining yuzma-yuz muloqot shaklidagi uchrashuvlari o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, bugun joriy yilning 9 fevral kuni Shofirkon tumanida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev hamda tuman hokimi Jamshid Sharopov birgalikda, tuman Ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektorlari bilan uchrashib, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, profilaktika inspektorlarining xizmat hamda turmush sharoitlarini yaxshilash, tayanch punktlari va huquq-tartibot maskanlari moddiy texnika taʼminotini mustahkamlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilash maqsadida har bir profilaktika inspektori bilan suhbatlashib, ularning muammolarini o‘rgandilar.
Aniqlangan muammolar yuzasidan alohida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va ijroga qaratish belgilab olindi.
Ochiq muloqot shaklidagi yuzma-yuz uchrashuvda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyev profilaktika inspektorlariga xizmat olib borish tartibi, ish samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘zining tavsiyalarini berib, xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlashga qaratilgan talablarni yetkazdi.