19 Mart 2022 yil 554

Navro‘z umumxalq bayramini o‘tkazish oldidan Buxoroda profilaktik tadbirlar kuchaytirildi.

Buxoro viloyatining markazi va uning barcha hududlarida Navro‘z umumxalq bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, bayram tadbirlari davomida fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jamoat va yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Farmoyishi asosida eʼlon qilingan “Xavfsiz hudud” maxsus tezkor profilaktik tadbirlari doirasida joriy yilning 18-19 mart kunlari Buxoro shahrida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlaridan iborat “yig‘ma otryad”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Tadbirni samarali o‘tkazish maqsadida yig‘ma otryadga jalb etilgan xodimlar bilan alohida yo‘riqnomalar o‘tkazilib, shaharning 65 mahallalari, ayniqsa qizil hududga kiritilgan 18 ta mahallalarida qo‘shimcha patrullik yo‘nalishlari tashkil etildi.

Belgilab berilgan 2.134 ta obyektlarning barchasi nazoratdan o‘tkazilib, shundan: 427 ta ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar, 364 ta hovli joylar birma-bir ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, 12 ta mehmonxona, 3 ta yotoqxona, 19 ta taʼlim muassasalari, 114 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari o‘rganildi.

O‘tkazilgan tadbir davomida 24 ta maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, 2 nafar shaxslarga nisbatan sud qarori bilan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shuningdek, pasport-viza qoidalariga amal qilmay kelayotgan 2 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Tungi vaqtlarda belgilanmagan joylarda yoki bemaqsad yurib fuqarolar osoyishtaligiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil 125 nafar shaxslar ichki ishlar organlari va tayanch punktlariga olib kelinib, yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

1 nafar nazoratsiz yurgan voyaga yetmagan shaxs ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.

Sog‘liqni saqlash muassasalari hisobida turgan shaxslar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida 63 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxslar va 9 nafar ruhiy kasallar yashash joylaridan tekshirildi.

Ichki ishlar organlari va Probatsiya hisobida turgan 132 nafar shaxslar bilan yakka tartibdagi profilaktik ogohlantiruv tadbirlari ham olib borildi.

Profilaktika inspektorlar tomonidan 18 nafar jinoyatga moyil shaxslar aniqlanib, ichki ishlar organlarining profilaktik hisobiga olindi va ular tomonidan kelgusida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish, sog‘lom hayotga moslashtirish maqsadida yashash va ish joylaridan murabbiylar biriktirildi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahallalar, korxona, tashkilot va o‘quv muassasalarida 84 marotaba “Ogohlik” va xavfsizlik borasida hamda boshqa dolzarb mavzularda uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazildi.

Bu kabi tadbirlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad, aholi osoyishtaligini taʼminlash va yaqinlashib kelayotgan Navro‘z umumxalq bayramini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilishini taʼminlashdan iboratdir.

Text to speech