Ogoh bo‘ling, soxta “o‘t o‘chiruvchi va mo‘ri tozalovchilar”
Olot tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, nomaʼlum shaxslar tomonidan 2020-2021 yillar davomida tumanda yashovchi fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurib, dudburonlarini tozalash, o‘t o‘chirish xizmati ko‘rsatish, elektr energiyasi tarmoqlarini ko‘zdan kechirib, aholidan va ijtimoiy soha obyektlaridan garchi biror-bir xizmat ko‘rsatmagan bo‘lsalarda, xizmat ko‘rsatganliklarini bildirib, 49 ta holatda 25.000 so‘mdan pul mablag‘larini yig‘ib olib, firibgarlik jinoyatini sodir qilganliklari bayon qilingan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, kechiktirib bo‘lmas tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Natijada ushbu jinoyatni, Buxoro tumani Rabotiqalmoq mahallasida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan “Gaz va elektrdan maxsus nazorat” MCHJ rahbari J.M. sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu fuqaroning yana shu kabi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar sizning xonadoningiz yoki ishxonangizga kelib maʼlum haq evaziga dudburonlarni tozalash, o‘t o‘chirish xizmati ko‘rsatish, elektr energiyasi tarmoqlarini ko‘zdan kechirib amalda hech qanday xizmatlar ko‘rsatmaydigan ushbu toifa shaxslar to‘g‘risida maʼlumotga ega bo‘lsangiz ichki ishlar boshqarmasining 102 avtomatlashtirilgan tizim orqali xabar berishingizni so‘rab qolamiz.