16 Mart 2022 yil 520

Oila qoʼrgʼoni darz ketmasin...

Yurtimizda azaldan oila muqaddas qoʼrgʼon sifatida eʼzozlangan. Zero, inson qalbida ahillik, mehr-oqibat tuygʼulari, ilm-maʼrifatga oshno boʼlish koʼnikmasi, avvalo, shu aziz dargohda shakllana boshlaydi. Bosh qomusimizda oila jamiyatning asosiy boʼgʼini, deb belgilanganligi zamirida ham ana shu milliy qadriyatlarimiz mazmuni mujassam.

Oila mustahkamligi jamiyat mustahkamligining garovi ekan, bu borada oilaviy ajrimlarga yetaklovchi omillarni tahlil etishning hayotiy ahamiyati bor. Oilaviy ajrimlarning salbiy oqibatlarini koʼpchilik, ayniqsa, katta yoshdagilar yaxshi tushunadi. Shu bois har bir insonning suyanchi sanaluvchi bu muqaddas dargohga darz yetmasin.

Bugun, Buxoro tumanida oilaviy ajrimlarni oldini olish, oilalarning ijtimoiy maʼnaviy muhitini sogʼlomlashtirish maqsadida 1 va 3-sektor hududidagi mahalla fuqarolar yigʼinida istiqomat qiluvchi ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan davra suxbati oʼtkazildi.

Tadbirda tuman hokimi va sektor rahbarlari, ishchi guruh hamda xotin qizlar jamoatchilik Kengashi aʼzolari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida oilaviy qadriyatlar haqida hikoya qilinuvchi “Ajrim - bu yechim emas” mavzusidagi qisqa metrajli film namoyish etildi, notinch oilalar, ajrim yoqasiga kelib qolgan 15 nafar er-xotinlar bilan suhbatlashildi, ularni yarashtirish choralari koʼrildi, natijada 5 nafar oila yarashtirildi. Yarashgan oilalarga qimmatbaxo sovgʼalar berildi.

Xulosa oʼrnida shuni taʼkidlash joizki, mahallalarda notinch oilalarning boʼlishi oʼz navbatida jinoyatchilikning oshishiga olib keladi. Chunonchi, notinch oilalarda tarbiya topayotgan bolalarda jinoyatchilikka moyillik ortadi. Har bir ota-ona farzandi hayotda oʼz oʼrniga ega boʼlishini xohlar ekan, “Oila-muqaddas dargoh” sifatida doimo eʼzozlanib kelinishi lozim.

Text to speech