15 Aprel 2023 yil 466

Olis mahallalar aholisi viloyat 3-sektor rahbarining eʼtiborida

Bugun, 15-aprel kuni Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov Buxoro viloyatining 3-sektor hududiga qarashli G‘ijduvon tumanining “Og‘itma” mahallasi aholisi muammolarini o‘rgandi.

Og‘itma” ovuli G‘ijduvon tumani “Ko‘kcha” mahallasiga qarashli cho‘l hududida joylashgan bo‘lib, mazkur aholi punkti viloyat markazidan 220 kilometr, G‘ijduvon tumanidan 160 km uzoqlikda joylashgan eng olis, cho‘l hududlaridan biri hisoblanadi.

Og‘itma” ovulida 77 ta xonadon va 300 ga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Ovulda bo‘lgan viloyat 3-sektor rahbari “fuqarobay” tizimi asosida har bir xonadonida bo‘lib aholi muammolarini joyida shaxsan o‘rgandi.

Boshqarma boshlig‘i mahalla binosida “beshlik” vakillari bilan bo‘lgan suhbat davomida aholidan kelib tushayotgan har bir murojaatni tegishli tartibda ko‘rib chiqish, unga yechim topish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.

Viloyat 3-sektor rahbari “Og‘itma” ovulida joylashgan ijtimoiy obyektlar, MTT, 38-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi hamda tibbiyot maskanida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Jarayonda yoshlarning taʼlim tarbiya olishi, ovul ahlining salomatligini taʼminlash borasida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ovuldagi yoshlarning taʼlim olishlarida zarur bo‘ladigan o‘quv qurollari, sport anjomlari taqdim etildi.

Shuningdek, ovul yoshlariga taʼlim berish o‘z jonbozligi hamda mehnati bilan o‘rnak bo‘layotgan bir guruh maktab o‘qituvchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Aholini arzon hamda sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash maqsadida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi ham tashkil qilindi.

Muborak Ramazon oyini milliy qadriyatlarimiz, anʼana va urf-odatlarimizga mos va hamohang tarzda o‘tkazish, xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat amallariga alohida eʼtibor berish, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni keng targ‘ib etish anʼana tusiga kirgan.

Og‘itma” mahallasi aholisi uchun yozilgan iftorlik dasturxonida ham mana shu ezgu amallar yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Unda o‘tganlar xotirasiga Qurʼon tilovat qilindi. Iftorlikda ishtirok etgan ro‘zadorlar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, dehqonlarimiz yetishtirayotgan mahsulotlar hosiliga baraka tilab, duo qilishdi.

Buxoro viloyati 3-sektor rahbarining hududlar bo‘ylab o‘rganishlari davom etmoqda.

Text to speech