Olot tumanida kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyatlar ko‘p sodir etilgan “qizil” toifali mahallalar jinoyatchiligi joyida muhokama etilmoqda
Xabaringiz bor, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev kundalik ish reja asosida hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyatlar ko‘p sodir etilgan “qizil” toifali mahallalarga borib, jinoyatchilik holatini joyida muhokama qilib bormoqda.
Jumladan, bugun, 14-iyul kuni jinoyatchilikning navbatdagi “mahallabay” muhokamasi boshqarma boshlig‘i tomonidan viloyat IIB hamda Olot tumani mas’ul rahbarlari va mahalla mutasaddilari ishtirokida kriminogen vaziyati og‘ir deya baholangan qizil toifali “Xalifa” mahallasida o‘tkazildi.
Aytish joizki, mazkur mahallada joriy yilning bugungi kuniga qadar jami 8 ta jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ushbu mahalla “qizil mahalla” toifasiga kirgan.
Boshqarma boshlig‘i masʼullar ishtirokida o‘tkazgan muhokama jarayonida mahallada sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hisobotlarini tingladi. Jinoyatlarning sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlarni birma-bir tahlil qildi.
Muhokamada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Mahallada kelgusida og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi, hududiy Ichki ishlar bo‘limining tajribali xodimlaridan iborat yig‘ma otryad faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq ko‘rsatmava topshiriqlar berildi.