29 Oktyabr 2021 yil 970

Olot tumanida yo‘lto‘sar talonchi qo‘lga olindi.

Olot tumani Ichki ishlar bo‘limining bergan maʼlumotiga ko‘ra, 2021 yil 17 oktyabr kuni tungi soat 02:00 larda nomaʼlum shaxs, yashash uyiga borayotgan 3 nafar voyaga yetmagan shaxslar, 2004 yilda tug‘ilgan J.J., 2005 yilda tug‘ilgan J.J. va 2005 yilda tug‘ilgan J.D. larni Qorako‘l va Olot tumanlarining chegarasidan oqib o‘tuvchi "Amu-Qorako‘l" kanali ko‘prigi ustida to‘xtatib, zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, ularning cho‘ntagidan jami 77.000 so‘m naqd pullari hamda turli oziq-ovqat mahsulotlari solingan sport sumkasini ochiqdan-ochiq tortib olib, jabrlanuvchilarga moddiy zarar yetkazib, talonchilik jinoyatini sodir qilgan.

Mazkur holat tuman Ichki ishlar bo‘limi Navbatchilik qismida zudlik bilan qayd etilib, tergov-tezkor guruhi tomonidan hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilgan holda kechiktirib bo‘lmas tezkor surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Olib borilgan surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu talonchilik jinoyatini Qorako‘l tumani Regihaydar mahallasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan X.R. ismli shaxs spirtli ichimlik isteʼmol qilgan mast holatda sodir qilganligi fosh etilgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan X.R. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 166-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech