Qorako‘l tumani: Paxta talon-tarojining oldi olindi
Paxta yig‘im-terimi paytida dalalarda yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilinishi, payhon qilinishi hamda o‘g‘irlanishini oldini olish maqsadida ilgari xabar berganimizdek, Buxoro viloyati IIB xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tuzilgan. Ular har gektar maydon, har bir fermer xo‘jaliklari dalalarida tun-u kun nazorat tadbirlari o‘tkazmoqdalar.
Joriy yilning 17-sentyabr kuni Qorako‘l tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tumanning “Tojikent” mahallasida yashovchi fuqaroning yashash manzili va yordamchi xo‘jaliklari ko‘zdan kechirilganda, yashash xonadoni molxonasida 230 kilogramm paxta, 6 kilogramm chigit va paxtadan chigitni tozalash dastgohi aniqlanib, ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olindi. Paxta xomashyosi esa tegishli tartibda Qorako‘l tumani Paxta tozalash punktiga topshirildi.
Shuningdek, kuni-kecha 20-sentyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi tezkor profilaktik tadbir davomida tumanning “Darg‘abog‘i” mahallasida yashovchi fuqaroning yashash manzili va yordamchi xo‘jaliklari ko‘zdan kechirildi. Natijada uning yashash xonadoni molxonasidan 220 kilogramm paxta xomashyosi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi va olib qo‘yilgan paxta xomashyosi Qorako‘l tumani Paxta tozalash punktiga topshirildi.
Har ikkala holat yuzasidan surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, bu kabi qonunbuzilish holatlarini aniqlash borasidagi tezkor profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.