30 Avgust 2021 yil 802

O‘simlik dunyosi doimiy muhofazada !

Buxoro viloyatida tuproq eroziyasidan saqlaydigan o‘rmonlar sifatini yaxshilashga alohida eʼtibor berib kelinib, viloyat bo‘yicha 376,3 ming gektar saksovulzorlarni saqlashga qaratilgan keng qamrovli amaliy ishlar olib borilmoqda.

Viloyatning chekka hududlaridagi o‘rmonlarda saksovul o‘simligini g‘ayriqonuniy ravishda kesish va ularga shikast yetkazish holatlari davom etayotganligi joriy yilning avgust oyida Davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida tanqidiy muhokama qilinib, nazoratni kuchaytirish va huquqbuzarlarga nisbatan keskin choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

2021 yilning 26 avgust kuni Buxoro viloyat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari tomonidan Romitan va Peshku tumanlari cho‘l hududlarida saksovul o‘simligini sotish uchun qonunga xilof ravishda kesib, nobud qilayotgan bir guruh shaxslarning faoliyatiga chek qo‘yildi.

Tadbir davomida huquqbuzarlar Peshku tumani fuqarolari I.H. va X.H.lar davlat hokimiyati vakillariga faol qarshilik ko‘rsatib, tan jarohati yetkazib, xizmat avtomashinasini yaroqsiz holatga keltirganlar.

Mazkur holat yuzasidan I.H. va X.H.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tuman sudining ajrimiga asosan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Hozirgi kunda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan tezkor profilaktik tadbirlar izchillik bilan olib borilmoqda.

Text to speech