O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi otalig‘iga berilgan Buxoro shahridagi 32-mehribonlik uyida mustaqillik bayrami nishonlandi.
Ayni kunlarda mustaqillik bayrami shukuhi yurtimiz uzra keng quloch yozib kezayotgan bir paytda, Buxoro shahridagi 32-sonli Mehribonlik uyida ham istiqlolimizning 30 yillik shodiyonasi ko‘tarinki ruhda nishonlandi. 84 nafar o‘g‘il-qizlar tarbiyalanib kelayotgan bu dargohda yurtboshimiz tashabbusi bilan Milliy Gvardiya qaramog‘i va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi otalig‘iga berilgan bo‘lib, bugungi bayram tadbiri ham ular bilan hamkorlikda tashkil etilib, bayram dasturxoni yozildi.
Tadbirga tashrif buyurgan Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlarini Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari o‘z yaqin insonlarini kutib olgandek qarshilashdi.
Bolajonlar tomonidan ijro etilgan kuy, qo‘shiq va raqslar guldastasi barchani xushnud ayladi. Nogiron bolakayning qalbi jo‘shib, Mehribonlik uyi mudirasiga bag‘ishlab: “Onajonim onam, beg‘uborim onam” deya kuylagan qo‘shig‘i yuraklarni larzaga keltirdi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari va IIV Buxoro Akademik litseyi o‘qituvchilari tomonidan kuylangan qo‘shiqlar esa bayramona sovg‘a bo‘ldi.
Yurtboshimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan jonbozlik, Mehribonlik uylarida tarbiya topayotgan har bir bolaning taqdiriga befarq bo‘lmay, ularning yorqin kelajagi uchun ulkan imkoniyatlar yaratilayotganligi va o‘z navbatida bu murg‘ak qalblarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi “Yangi O‘zbekiston” ning barpo etilishida puxta o‘ylangan va mustahkam poydevordir.