Peshku tumanida sodir etilgan mudhish jinoyat keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.
Joriy yilning 8 yanvar kuni “102” operatoriga telefon orqali, Peshku tumani Guliston mahallasida yashovchi fuqaro G‘.D.ning tan jarohati olib tuman kasalxonasiga murojaat qilganligi yuzasidan xabar kelib tushgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida tumanning Guliston mahallasida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan G‘.U. ismli shaxs 8 yanvar kuni soat 18:30 larda amakivachchasi 1983 yilda tug‘ilgan G‘.D. bilan oldindan bo‘lgan o‘zaro kelishmovchilik natijasida janjallashib qolib, janjal vaqtida yog‘och tayoq bilan uning bosh qismiga bir marotaba urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro G‘.U.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi qamoqqa olingan. Hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bugun, 11 yanvar kuni viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Bobir Kamolov hamda viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari Jonibek Boltayevlar viloyat hamda tuman mutasaddi rahbarlari, jinoyat sodir bo‘lgan “Guliston” mahallasi masʼullari, mahalla hududidagi qishloq va ko‘cha vakillari, faollar va keng jamoatchilik ishtirokida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari, shuningdek, mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, profilaktik tadbirlar joyiga chiqib o‘rganildi va jinoyat muhokamasi o‘tkazildi.
Jinoyatni muhokama qilish jarayonida ushbu mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalari yuzasidan hisobotlari tinglanib, masʼullar mazkur jinoyat sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar yuzasidan tushuntirishlar berdilar.
Jinoyat muhokamasida ishtirok etgan viloyat prokurori va Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari ushbu mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori, tuman Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi mutasaddilari va ichki ishlar bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham tanqidiy muhokama qildilar.
Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari birma-bir tahlil qilingan holda ushbu mahallada, shuningdek, tumanning qolgan barcha mahallalarida, qolaversa viloyatning barcha hududlari va mehnat jamoalarida ushbu jinoyat va uning oqibatlarini taʼsirchan muhokama qilish, kelgusida bu kabi og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, hududlarda “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan manzilli topshiriq va aniq ko‘rsatmalar berib, ijrosini alohida nazoratga oldilar.