Qorakoʻl tumani Ichki ishlar boʻlimi tashabbusi bilan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri tashkil etildi.
Tarixga nazar tashlash, kelajakda yuqori marralarni koʻzlash har qanday sohaning taraqqiy etishi uchun lozim jihatlardan biri hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV tomonidan tasdiqlangan reja-topshiriqqa asosan Qorakoʻl tumani ichki ishlar boʻlimi tashabbusi bilan “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri oʻtkazildi.
Ichki ishlar organlari tizimida mehnat qilayotgan yosh xodimlarni sohaga yoʻnaltirish, kasbiy koʻnikmalarini mustahkamlash, vataniga va xalqiga sadoqat ruhida, oʻz burchiga fidoyilik bilan yondasha oladigan chinakam vatan oʻgʻlonlari sifatida tarbiyalash kabi ezgu maqsadlarni oʻzida mujassamlashtirgan tadbirga sohaning bir guruh faxriylari taklif etildilar.
Qorakoʻl tumani ichki ishlar boʻlimi shaxsiy tarkibi hamda soha fidoyilari ishtirokida uyushtirilgan uchrashuv avvalida tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Jamshid Rasulov soʻzga chiqdi.
Sharafli kasbi va ibratli hayoti bilan yoshlarni ona Vatanga muhabbat va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida kamol toptirishga hissa qoʻshayotgan soha faxriylari oʻtgan davr mobaynida ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar, mamlakatimiz Prezidenti rahbarligida sohani aholiga oʻz vaqtida va sifatli xizmat koʻrsatadigan, professional tizimga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlarga toʻxtalib oʻtdilar.
Faxriylar hozirgi kunda oʻzlari bir vaqtlar mehnat qilgan maskanda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdilar.
Aytib oʻtilganidek, tizimda “ustoz-shogird” anʼanalarini davom ettirish, soha fidoyilarining boy amaliy tajribasidan yoshlarni koʻproq bahramand etish muhim tarbiyaviy vosita sanaladi.
Mehrga yoʻgʻrilgan suhbatlar “Oʻzbegim” tantanalar majmuasida tashkil etilgan bir piyola choy ustida davom ettirildi. Yoshi ulugʻ faxriylar oʻzlarining boy hayotiy tajribalari, mustaqillik bergan imkoniyatlar xususida oʻzlarining dil soʻzlarini bildirdilar. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot sari dadil odimlari samimiy suhbatlar, muloqotlarning asosiy mavzusi boʻldi.
Tadbirda Qorakoʻl tuman hokimi Sherali Salomov boshchiligidagi sektor rahbarlari ham ishtirok etdilar.
Uchrashuvda soʻz olgan tuman rahbari barchani ushbu shodiyona bilan qutladi, oʻz burchini sidqidildan ado etayotgan 5 nafar fidoyi xodimlarga faxriy yorliq, 7 nafar xodimlarga esa navbatdagi maxsus unvonlar topshirildi.
Shuningdek, IIB sohasida uzoq yillik mehnati sharaflanib Qorakoʻl tuman FRB boshligʻi Hakimov Dilshod Artikbayevichga podpolkovnik unvoni, Qorakoʻl tumani IIB tashkiliy boʻlinma kanselyariya boshligʻi, katta serjant Tangriyev Shuxrat Fayzulloyevichga 1-darajali “Benuqson xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganligi alohida e'tirof etildi.
Oʻz xizmat vazifasini matonat bilan bajarib kelayotgan boshqa xodimlar ham tashakkurnoma va qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlandilar.
Sanʼat ustalari ijrosidagi madaniy dastur ishtirokchilarga xush kayfiyat bagʻishladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar zamirida xalq farovonligi, yurt taraqqiyoti, yoshlarning porloq kelajagini taʼminlash kabi ezgu maqsadlar mujassam. Taʼkidlash joizki, bu kabi tadbirlar tizimda xizmat samaradorligini oshirish, oʻzaro sogʻlom raqobat ruhini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.