23 Avgust 2021 yil 540

Qorako‘l tumanida sodir bo‘lgan xonadon o‘g‘irligi, hodisa sodir bo‘lgan joyda jinoyatchi tomonidan qoldirilgan qo‘l barmoq izlari orqali fosh etildi.

Qorako‘l tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2021 yil 17 avgust kuni tuman IIB ga 1940 yilda tug‘ilgan, Qorako‘l tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi nafaqadagi X.T. murojaat qilib, noma’lum shaxs uning yashash xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonasida turgan temir seyf ichidan 13.000.000 so‘m naqd pullari hamda “Nokia 105” rusumli qo‘l telefonini o‘g‘irlab ketganligini ma’lum qilgan.

Mazkur murojaat asosida tuman IIB tergov-tezkor guruhi tomonidan kechiktirib bo‘lmas tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilgan va holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish jarayonida temir seyf yuzasidan olingan 6 ta qo‘l barmoq izlari Buxoro viloyati IIB Ekspert kriminalistika bo‘limida mavjud “Shaxsni biometrik identifikatsiya qilish tizimi” orqali tekshirilib, barmoq izlari ustida kriminalistik tadqiqotlar o‘tkazilgan.

Natijada 1 dona qo‘l barmoq izi X.I. ismli shaxsning qo‘l barmoq izlari bilan bir xil ekanligi aniqlangan.

Daktiloskopik ekspertiza xulosasi asosida olib borilgan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni jabrlanuvchining mahalladoshi 2000 yilda tug‘ilgan Buxoro muhandislik texnologiyalari instituti talabasi X.I. ismli shaxs sodir qilganligi fosh etilib, gumon qilinuvchidan ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Hozirgi kunda jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi X.I. ning boshqa shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Text to speech