Qorako‘l tumanida sodir etilgan mudhish qotillik jinoyati viloyat hokimi va sektor rahbarlari tomonidan mahallada keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.
Joriy yilning 20 dekabr kuni soat 05:15 larda Gazli Neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli "Qumli GTK mobil" yo‘nalishining 34-42 kilometridagi yo‘nalishni qo‘riqlash uchun «Niva» rusumli davlat raqami 80 209 ПСП bo‘lgan xizmat avtomashinasida xizmatga jalb qilingan O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi Qo‘riqlash boshqarmasi safdor xodimlari Peshku tumani “Qoraqalpoq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashagan 1982 yilda tug‘ilgan H.A. va "Quyi Yangibozor" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi N.O. o‘zlariga biriktirilgan hududda xizmatni o‘tash jarayonida avtomashinadan tushib, yo‘nalish quvurining taqiqlangan qismidan harakatlanib kelayotgan «UAZ» rusumli avtomashina haydovchisi Qorako‘l tumani “Kuydim” mahallasida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan A.A. ga to‘xtash ishorasi bergan bo‘lsalarda, u xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan harakatlanishda davom etib, fuqaro N.A.ni avtomashinaning old qismi bilan qasddan urib yuborib, voqea joyidan qochib ketishi oqibatida, og‘ir tan jarohati olgan safdor xodim H.A. voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan A.A. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qismi «G» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bugun, 24 dekabr kuni Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida viloyat sektor rahbarlari, tuman sektor rahbarlari va mutasaddi idoralar masʼullari, jinoyat sodir bo‘lgan «Bandboshi» va gumon qilinuvchi A.A. istiqomat qiladigan “Kuydim” mahallalarining mutasaddilari, ushbu mahallalarning profilaktika inspektorlari, mahallalar hududidagi qishloq va ko‘cha vakillari, faollar va keng jamoatchilik ishtirokida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari, shuningdek, mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, profilaktik tadbirlar joyiga chiqib o‘rganildi va jinoyat muhokamasi o‘tkazildi.
Jinoyatni muhokama qilish jarayonida ushbu ikkala mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorlarining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalari yuzasidan hisobotlari tinglanib, masʼullar mazkur jinoyat sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar yuzasidan tushuntirishlar berdilar.
Jinoyat muhokamasida ishtirok etgan viloyat hokimi va sektor rahbarlari ushbu mahallalarda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektorlari, tuman Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi mutasaddilari va ichki ishlar bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham tanqidiy muhokama qildilar.
Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari birma-bir tahlil qilingan holda ushbu mahallada, shuningdek, tumanning qolgan barcha mahallalarida, qolaversa viloyatning barcha hududlari va mehnat jamoalarida ushbu jinoyat va uning oqibatlarini taʼsirchan muhokama qilib, kelgusida bu kabi og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, hududlarda «fuqarobay», «oilabay» va «xonadonbay» tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.