7 Yanvar 2022 yil 914

Romitan tumanida sodir etilgan qotillikka suiqasd jinoyati keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.

Joriy yilning 4 yanvar kuni soat 22:00 larda Romitan tumani Sho‘rcha mahallasida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan H.N. spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda, o‘z akasining xotini 1982 yilda tug‘ilgan K.D. bilan uning uyiga borib janjallashib, jahlini jilovlay olmay oshxona pichog‘i bilan yangasining chap ko‘krak pastki qismiga ikki marotaba, o‘ng ko‘krak pastki qismiga bir marotaba urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Hozirda jabrlanuvchi tuman markaziy kasalxonasiga yotqizilib, tibbiy muolajalar qilinmoqda.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan H.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bugun, 7 yanvar kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari podpolkovnik Erkin Safarov, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari - Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i podpolkovnik Jonibek Boltayevlar, tuman hokimi va boshqa mutasaddilar, viloyat hamda tuman taalluqli idoralarining masʼul rahbarlari, jinoyat sodir bo‘lgan Romitan tumanining “Sho‘rcha” mahallasi mutasaddilari, ushbu mahallaning profilaktika inspektori, mahalla hududidagi qishloq va ko‘cha vakillari, faollar va keng jamoatchilik ishtirokida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari, shuningdek, mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, profilaktik tadbirlar joyiga chiqib o‘rganildilar va jinoyat muhokamasi o‘tkazildilar.

Jinoyatni muhokama qilish jarayonida mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hududda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan profilaktik tadbirlari va ularning natijalari yuzasidan hisobotlari tinglanib, masʼullar mazkur jinoyat sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar yuzasidan tushuntirishlar berdilar.

Shuningdek, ushbu mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori, tuman Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi mutasaddilari va ichki ishlar bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham tanqidiy muhokama qildilar.

Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari birma-bir tahlil qilingan holda ushbu mahallada, shuningdek, tumanning qolgan barcha mahallalarida, qolaversa viloyatning barcha hududlari va mehnat jamoalarida ushbu jinoyat va uning oqibatlarini taʼsirchan muhokama qilib, kelgusida bu kabi og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, hududlarda “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.

Text to speech