Saksovul o‘simligini noqonuniy kesish bilan shug‘ullanganlar javobgarlikka tortiladi
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida sodir etilgan qonunbuzarlik holatlari Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan muhokama etildi.
Viloyatimizda ekologiya va atrof muhitga zarar yetkazish bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi tizimli kurash choralari olib borilmoqda. Ayni shunday tadbirlar davomida ko‘rilgan choralar va bu kabi holatlarning oldini olish borasida bir qator profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Kuz-qish mavsumida viloyatimizning cho‘l hududlarida yashil qoplama tashkil etish maqsadida ne-ne mashaqqat bilan yetishtirilgan saksovulzorlarga qiron keltirayotgan ayrim fuqarolarning xatti-harakatlarini hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbarining “Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tegishli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatimizning Peshko‘, Romitan va Jondor tumanlarining cho‘l hududlarida saksovul o‘simligini noqonuniy kesib talon-taroj qilinishini oldini olish yuzasidan Buxoro viloyati IIB, Ekologiya va Milliy gvardiya boshqarmalarining malakali xodimlaridan iborat guruhlar tashkil etilib, viloyatning cho‘l massivlarida 83 marotaba tezkor profilaktik va “reyd” tadbirlari o‘tkazildi.
Olib borilgan tadbirlar davomida jami 74 ta holatda huquqbuzarlar tomonidan jami 102 kub saksovul o‘simligini noqonuniy ravishda kesib olib ketish holatlari aniqlanib, mazkur holatlar yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, 91 mln so‘m jarima hamda 63 mln so‘m tabiatga yetkazilgan moddiy zararlarni undirish choralari ko‘rildi.
Romitan tumani Gazli shaharchasining cho‘l hududida o‘tkazilgan navbatdagi tungi reyd tadbiri davomida Peshku tumani “Bobohoji” mahallasi, Shovari qishlog‘ida yashovchi 15 nafar fuqaro tomonidan noqonuniy ravishda davlat zaxira yeridan saksovul o‘simligini chopib olish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etilgani, tezkor tadbir davomida huquqbuzarlar tomonidan vakolatli idoralar masʼul xodimlariga nisbatan faol qarshilik ko‘rsatganliklari qayd etilgan.
Holat yuzasidan qonunbuzar fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasiga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bugun, 24 sentyabr kuni viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi sektorlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari mazkur jinoyat va viloyat hududida saksovul o‘simligini payhon qilish, noqonuniy ravishda kesib talon-taroj qilinishini oldini olish borasida sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Peshku tumani “Bobohoji” mahallasi, Shovari qishlog‘ida muhokama yig‘ilishi o‘tkazdilar.
Viloyat sektor rahbarlari tomonidan tuman hokimi, qator masʼullar, mahalla mutasaddilari va keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilgan muhokama jarayonida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan videorolik namoyish etilib, ushbu mahalla fuqarolari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar tahlil qilinib, atroflicha muhokama qilindi.
Maʼlumot o‘rnida: Mutaxassislarning maʼlumotiga ko‘ra 2 yillik saksovul qum ko‘chishini 20%ga, 5 yilligi 80%ga, 7 yilligi esa to‘liq to‘xtatadi. 10 yillik 1 ta saksovulning o‘zi 100 tonnagacha qumning ko‘chishini to‘xtata oladi. Yaxshi rivojlangan 1 tup saksovul o‘z ildizi atrofida 10 tonnagacha qum va tuzni tutib turadi. Saksovullar tuproqdagi chang, tuzlarni shamol uchirishini to‘xtatadi. Shu asnoda turli zararli tuzlar osmonga ko‘tarilishi kamayadi. Shunday ekan, ona tabiat inʼom etgan har bir neʼmat hisob kitobli ekanligini unutmaslik lozim.