Shofirkon tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari kasb bayramini nishonladilar.
Shofirkon tumanidagi «Baxt saroyi» tantanalar saroyida «25 oktyabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni» hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda tuman hokimi so‘zga chiqib, soha xodimlari va faxriylarni «Ichki ishlar xodimlari kuni» bilan qutladi.
Soha xodimlarning mustaqilligimizni mustahkamlash, jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish borasidagi mardona xizmatlarini eʼtirof etib, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar alohida taʼkidlandi.
O‘zining tashabbuskorligi, fidoyiligi, hamkasblariga alohida o‘rnak ko‘rsatayotgan xodimlar orasida davlat rahbarining Farmoniga binoan «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan mukofotlangan tuman Ichki ishlar bo‘limi 2-son ichki ishlar bo‘linmasi boshlig‘i podpolkovnik Dilmurod Murodovning borligi alohida eʼtirof etilib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan yana bir qator xodimlarning nomlari ham aytib o‘tildi.
Tadbir davomida xodimlarga tuman hokimligi tomonidan ajratilgan 100 dan ortiq qimmatbaho sovg‘alar, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va tuman hokimligining “Tashakkurnoma” hamda “Faxriy yorliqlari”, shuningdek, bir nafar xodimga navbatdagi maxsus “mayor” unvoni ham tantanali ravishda topshirildi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, tumanda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirgan ijobiy ishlari yuksak baholanib, tuman Ichki ishlar bo‘limiga «Buxoro zarhal teks» agroklasteri homiyligida xizmatda foydalanish uchun «Damas» avtomashinasining kaliti topshirildi.
Tadbirning badiiy qismida tuman madaniyat bo‘limining xonanda va sozandalari tomonidan kuy va qo‘shiqlar ijro qilinib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etildi.