Shofirkon tumanida xonadon o‘g‘risi fosh etildi.
Shofirkon tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, joriy yilning 21 sentyabr kuni soat 08:00 dan 19:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida nomaʼlum shaxs, Shofirkon tumani Tinchlik mahallasida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan D.D. ning yashash uyiga mehmonxona derazasi oynasini sindirish orqali kirib, yotoqxonasidagi shkaf ichidan 800.000 so‘m, 100 AQSH dollari, sandiq ichidan 5.800.000 so‘m, 150 AQSH dollari miqdoridagi pullarni o‘g‘irlab, jabrlanuvchiga jami 9.100.000 so‘m moddiy zarar yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, kechiktirib bo‘lmas tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan.
Tuman IIB xodimlari tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tezkor-texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni qo‘shni G‘ijduvon tumanining Kalon mahallasida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan G‘.Sh. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlanib, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsning xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.