31 May 2022 yil 528

Shofirkon tumanida xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlar olib borildi

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi hamda Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi idoralararo respublika ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 17-20 may kunlari Buxoro viloyatining barcha tuman-shaharlarida bo‘ylab aholi muammolarini manzilli bartaraf etish choralari ko‘rilgan edi.

Bunda, idoralararo ishchi guruh tomonidan Shofirkon tumanida jinoyatchilik ahvolini o‘rganilib, hududda olib borilgan profilaktik tadbirlar samaradorligini tanqid ostiga olingani bois amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan manzilli topshiriqlar berilgan edi.

Mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan, joriy yilning 30-may kuni Buxoro viloyati Ichki Ishlar Boshkarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Dilfuza Sharopova boshchiligidagi bir qator masʼullar tomonidan tumanda aholi ayniqsa, xotin-qizlar jinoyatchiligi va huquqbuzarligini barvaqt oldini olish masalalariga qaratilgan keng qamrovli profilaktik tadbirlar olib borildi.

Shu kuni tuman mahallardagi xotin-qizlar faollari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari mudiralari, tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda aholi orasida oila turmush doirasida huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolar olib borilishi lozim bo‘lgan profilaktik ishlar va ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirish, notinch oilalar bilan tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ular o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish hamda turli salbiy illatlarga qarshi kurashishga doir so‘z yuritildi. Tazyiq  va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga “Himoya orderi” berish tartibi tushuntirildi.

Shuningdek, ishchi guruh “Shodlik” mahallasida ham bo‘lib, hudud aholisi ayniqsa, xotin-qizlarning mavjud muammolari hamda notinch oilalar va jinoyat sodir etgan, probatsiya hisobida turuvchi ayollarning yashash sharoiti yaqindan o‘rganilib, qayta jinoyat sodir etmaslik to‘g‘risida ogohlantirildi va tarqatma materiallar topshirildi. Masullarga tuman miqyosida mahallarda jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan omillarni barvaqt aniqlashga qaratilgan bir qator topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Text to speech