Shofirkon tumanida tarkibida oltin zarralari bo‘lgan qumlarni olib kelib noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarning faoliyatiga chek qo‘yildi.
Joriy yilning 23 fevral kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Shofirkon tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tumanning Denov, Pattaxon, Navbahor va Qayrag‘och mahallalarida tarkibida oltin zarralari bo‘lgan qumlarni noqonuniy tarzda qo‘shni Navoiy viloyatidan olib kelib yuvib olish bilan shug‘ullanib kelayotgan 20 nafardan ortiq fuqarolarning yashash xonadonlari va yordamchi xo‘jaliklarida tintuv tergov harakatlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu mahallalarning 12 nafar fuqarolari oltin zarralari bor qumlarni olib kelib yuvib olib sotish faoliyati bilan noqonuniy tarzda shug‘ullanib kelayotganligi aniqlandi va ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Jumladan:
- 9 ta qum zarralarini yuvishga mo‘ljallangan temir idish;
- 7 ta elektr davigatel;
- 7 ta qum tegirmoni;
- 7 ta qozon;
- 4 ta tilla zarralarini eritish uchun mo‘ljallangan sopol idishlar;
- 1 ta tillaga o‘xshash metal bo‘lagi;
- 18 ta turli uzunlikdagi shvellerlar;
- 7 ta qum tegirmoni ehtiyot qismi;
- 7 ta tilla zarralarni yuvib olish gilamlari;
- 12 ta tosh maydalagich;
- 4 ta vanna;
- 4 dona qo‘lbola ayollar tilla uzugi;
- 2 dona qo‘lbola ayollar tilla zanjiri;
- 1 dona qo‘lbola ayollar tilla ziragi;
- 10.700.000 so‘m naqd pullar;
- 9 ta yelim idishlar tegishli tartibda xolislar ishtirokida olib qo‘yildi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, olingan ashyoviy dalillar Shofirkon tumani “Kometa” MCHJga topshirildi.
Foydali qazilmalarni qazib olish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanib kelayotganligi aniqlangan ushbu shaxslarga nisbatan Shofirkon tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.