18 Yanvar 2023 yil 293

Shtab faoliyati: Vaziyatni o‘nglash vazifalari muhokama qilindi

Maʼlumki, so‘nggi kunlarda yurtimizda kuzatilgan anomal sovuq xalqimizni yana bir bor sinovdan o‘tkazmoqda. Ayniqsa, hozirda aholining energiya resurslariga talabi keskin oshgan. Bu esa o‘z navbatida tarmoqda yuklamalarning ortishi va turli avariyaviy holatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning ortidan murojaatlar ham keskin ko‘paymoqda.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasida tuzilgan tezkor shtabda viloyat hokimi, respublikadan biriktirilgan vakillar ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi muhokamada hududlarda aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi tahlil qilindi.

Bu borada dastlab soha masʼullarining axborotlari tinglandi.

Shundan kelib chiqib, hududlar va aloqador sohalar rahbarlariga anomal sovuq havo kunlarida birinchi navbatda aholini energiya resurslari bilan taʼminlash, ijtimoiy soha obyektlarini isitish tizimini uzluksiz ishlatish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar yuklandi. Mavjud resurslarni adolatli taqsimlab, muammoli mahallalarda odamlarga yordam ko‘rsatish, shtablarga va ijtimoiy tarmoqlarga yo‘llanayotgan murojaatlarni zudlik bilan o‘rganib, hal etish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, bozorlardagi narx-navo, AI-80 markali benzin savdosining barqarorligi, jamoat transportidan samarali foydalanishni tashkil etish, kam taʼminlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, yaqinlari xorijiy mamlakatlarda mehnat qilayotgan oilalar holidan xabar olib, ularga ko‘mir va oziq-ovqat mahsulotlari berish zarurligi taʼkidlandi.

Text to speech