Buxoro shahrida mast holdagi shaxs transport vositasini olib qochdi
Buxoro shahri I.Mo'minov ko'chasida yashovchi 62 yoshli fuqaro g.M. 2019 yil 13 noyabr kuni soat 09:30da Buxoro shahar IIO FMB 2-son IIBga ariza orqali murojaat qilib, noma'lum shaxs yashash uyi oldidan o'ziga tegishli bo'lgan oq rangli, "VAZ-21011" rusumli 80 S 126 FA davlat raqamli avtomashinani qarovsiz qoldirilganidan foydalanib olib ketganligini bildirgan.
Murojaat asosida avtomashinani topish bo'yicha zudlik bilan ichki ishlar organlarining kerakli kuch va vositalari safarbar etilib, viloyat bo'yicha "to'sib ushlash" rejasi harakatga keltirildi.
Natijada avtomashina shu kuni soat 13:00larda Buxoro shahar Shayxul-olam ko'chasi hududida aniqlandi.
Ma'lum bo'lishicha, Buxoro shahrida yashovchi, 1991 yilda tug'ilgan Sh.A. mast holda avtomashinani boshqarib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.A.ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi JKning 267-moddasi 1-qismi va 227-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.