Vatan osoyishtaligi yo‘lida o‘ttiz yil...
Avval xabar berganimizdek, 2021 yilning 24 fevral kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddi rahbarlar Ichki ishlar boshqarmasiga tashrif buyurib, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, hududlarda huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar samaradorligini o‘rgangan edi.
Viloyat hokimi boshchiligidagi mutasaddi rahbarlar ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi binosi ham ko‘zdan kechirilib, taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan binoni kapital taʼmirlash va moddiy texnika taʼminotini yaxshilash borasida aniq topshiriqlar berilib, alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan edi.
Mazkur chora-tadbirlar rejasi asosida bugun, Buxoro viloyati IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV Buxoro viloyati bo‘yicha portlovchi uskunalarni zararsizlantirish otryadining maʼmuriy binosi viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga qayta rekonstruksiya qilinib, kapital taʼmirdan chiqarildi.
Binoning ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi viloyat sektor rahbarlari ishtirok etib, xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar, tizimning moddiy texnika taʼminoti bilan tanishdilar.
Tadbir davomida, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovga "Ichki ishlar organlari tashkil etilganining o‘ttiz yilligi ko‘krak nishoni" tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, otryad xodimlarining jangovar chiqishlari, maxsus vosita va texnikalar namoyish etildi.