25 Mart 2022 yil 469

Viloyat 3-sektoriga qarashli Vobkent tumanining Quruvchi mahallasi fuqarolari o‘rtasida o‘tkazilishi belgilangan "Yosh kitobxon oila" tanloviga Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va tuman hokimi tomonidan start berildi.

Kitob zamonlar dengizida sayohat qilayotgan va o‘zining qimmatbaho yukini avlodlardan-avlodlarga tashiyotgan hikmat kemasidir. Kitob – moziy darakchisi, bugunning tarbiyachisi va muallimi, kelajakning yo‘lboshchisi. Kitob ma‘naviy xazina, haqiqiy boylik. Uni chin dildan sevib qadrlagan Abu Ali ibn Sino og‘ir betob bo‘lgan Buxoro hukmdori Nuh ibn Mansurni davolagach, evaziga oltinu kumushlar to‘la sandiqni emas, balki saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritishni afzal ko‘rgan edi.

Kitob – bilim manbai, ilm shamchirog‘i, ma‘naviyat sarchashmasi. Kitobni quyoshga qiyoslash o‘rinlidir: quyosh insonning jisman ulg‘ayishi uchun qanchalik muhim o‘rin tutsa, kitob ma‘nan barkamollik uchun ham shunday ahamiyatga ega. O‘qish davomida kitobni mutolaa qilish jarayonining o‘zidayoq insonning ongi va dunyoqarashi shakllana boradi.

Bugun viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, tuman hokimligi hamda tuman axborot kutubxona markazi Respublika Ma‘naviyat va ma‘rifat markazi Vobkent tuman bo‘linmasi, Yoshlar ittifoqi Vobkent tuman Kengashi va Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorligida axborot kutubxona markazida “Quruvchi” mahallasining yosh kitobxon oilalari o‘rtasida "Yosh kitobxon oila" ko‘rik-tanlovi tashkil qilindi. Tanlovda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuxrat Aliyev tuman hokimi Farxod Umarov va sektor rahbarlari ishtirok etib, bugungi berilayotgan imkoniyatlarning barchasi kelajak egalari bo‘lgan yoshlarimiz uchun ekanligini ta‘kidladilar va ko‘rik tanlov ishtirokchilariga omad tiladilar.

“Quruvchi” mahalla fuqarolar yig‘inidan 11 ta 30 yoshgacha bo‘lgan oilalar 4 ta shart bo‘yicha bellashdilar. Shartlarni ko‘rik-tanlov hakamlari odilona baholab bordilar.

Ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra 1-o‘rinni 74 ball bilan B.Rahmonovlar oilasi , 2-o‘rinni 67 ball bilan M.Sodiqovalar oilasi, 3-o‘rinni 60 ball bilan S.Sadamovalar oilasi egalladi.

Bu kabi ko‘rik tanlovlarni o‘tkazishdan maqsad oilalarda kitobxonlikni targ‘ib qilish orqali kitobxonlarning ma‘naviy dunyosini boyitish, ularda mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikma va malakalarini shakllantirish, ma‘naviy tahdidlarga nisbatan sog‘lom immunitetni rivojlantirishdir.

Text to speech