24 Dekabr 2021 yil 504

Viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro shahrida tirbandliklarni oldini olish, yo‘l infratuzilmasini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlarini o‘rgandi

Hech kimga sir emas, yurtimizda avtotransport soni oshgani barobarida yo‘llarimizda tirbandliklar ro‘y berayotgani, jumladan, Buxoro shahrida ham xavfsiz yo‘l harakatini tashkillashtirish, avtomobil yo‘llarini qayta qurish, haydovchi va yo‘lovchilarga qulaylik yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hech kimga sir emas, aynan avtomobil yo‘llarining talabga javob bermasligi yoki boshqa sabablar bois bugun yo‘l-transport hodisalari soni ham sezilarli darajada oshgan.

Chunonchi, 2021 yilning 11 oyi davomida Buxoro shahrida 2020 yilning shu davriga nisbatan jami yo‘l-transport hodisalari soni 9,2 foizga yoki 76 tadan 83 taga, tan jarohati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar 10,9 foizga yoki 64 tadan 71 taga ko‘paygan. Bunda o‘lim bilan bog‘liq fojealar qayd qilingani nihoyatda tashvishlanarli. Ayni kunda Buxoro shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining tahliliga asoslanib, avtomobil yo‘llari va shahar ko‘chalari qizil, sariq va yashil hududlarga ajratilgan. Mazkur hududlarda kunning “Tig‘iz vaqti”da yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, piyodalar xavfsizligini taʼminlash maqsadida kuch-vositalar yetarli darajada taqsimlangan.

Viloyat hokimi Botir Zaripov huzurida Avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi, IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Transport boshqarmasi va boshqa daxldor tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirokida o‘tgan muhokamada Buxoro shahrida tirbandliklarning oldini olish, bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarga eʼtibor qaratildi.

Avvalo, avtomobil yo‘llarida tirbandliklarni yuzaga keltiruvchi asosiy omillar xususida mutaxassislar axboroti tinglandi. Taʼkidlanganidek, 2018-2021 yillarda viloyat markazida 350 dan oshiq ko‘p qavatli turar joy majmui bunyod qilingani, urbanizatsiya, yaʼni aholi soni oshgani, aniqrog‘i, shaharda yashashga bo‘lgan talab va ehtiyoj kuchayib borayotgani, korxona-tashkilot, taʼlim, sog‘liqni saqlash va boshqa muassasalar, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari, dam olish maskanlari shaharda joylashganligi, ish va o‘qish vaqtlari kunning bir xil paytida belgilangani, yo‘l infratuzilmasidagi nuqson va kamchiliklar, yerusti o‘tkazgichlari, yerosti va piyodalar, qolaversa, transport soni keskin oshgani shaharda tirbandliklar sodir bo‘lishiga zamin yaratmoqda. birgina transport vositalari sonini olsak, 2010 yilda viloyat markazida 24 ming 800 dan ortiq ulov qayd etilgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich, 33 ming 800 tani, 2021 yil shu davrida esa 43 mingtani tashkil etmoqda. Aholi soni qariyb 300 ming nafarni tashkil etayotgan bugungi kunda yo‘llarda transport oqimi yana-da kuchayishi tayin. Bu esa zarur chora-tadbirlarni ko‘rishni taqozo etmoqda. Shu boisdan bugun Buxoro shahrida avtomobil yo‘llari va shahar ko‘chalarini xalqaro meʼyorlar asosida qurish, qayta qurish va joriy taʼmirlash ishlariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Statistik maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda Buxoro shahri hududida 50 mingga yaqin avtomobil harakatlanyapti. “Shaharsozlik normalari va qoidalari»ga asosan shahar ko‘chalarining har bir tasmasining (polosasi) o‘tkazuvchanligi 750-850 ta avtomobil/soat belgilangan bo‘lsada, monitoring tarzida o‘tkazilgan izlanishlar Buxoro shahar hududidagi asosiy magistral ko‘chalarning baʼzilarida bu ko‘rsatkich hozirgi kunda 900-1000 ta avtomobil/soatni tashkil qilganligini ko‘rsatdi.

Shuningdek, shahardagi asosiy magistral ko‘chalarda avtomobillar tirbandliklari kuzatilib, transport vositalarining bir sutkadagi o‘rtacha jadalligi I.Karimov ko‘chasida 57 ming 888 avto/sutkani, B.Naqshband ko‘chasida 39 ming 31 avto/sutkani, Mirdo‘stim va Havzi nav ko‘chalarida 45 ming 230 avto/sutkani, G‘ijduvon ko‘chasida 51 ming 23 avto/sutkani hamda M.Iqbol ko‘chasida 45 ming 177 avto/sutkani tashkil etmoqda.

Buxoro shahriga boshqa tumanlardan bir sutkada o‘rtacha 15-20 mingtagacha avtotransport vositalari kirib-chiqayotganini inobatga olsak, tirbandliklarni bartaraf etish juda muhim ahamiyatga ega. Shu bois viloyat hokimi bu boradagi takliflar bilan qiziqdi.

Shahar markazini tranzit o‘tuvchi va vaqtincha kelgan avtotransport vositalaridan xoli qilish, Buxoro shahar hududida, shaharga kiruvchi asosiy avtomobil yo‘llarining chetida (yotoqxona, dam olish, maishiy, tibbiy xizmat ko‘rsatish binolari, avtomobillarni yuvish va ularga texnik servis ko‘rsatish joylari, yengil va yuk avtomobillari uchun maxsus jihozlangan avtoturargohlar hamda jamoat transporti uchun shohbekatlarga ega bo‘lgan va xalqaro talablarga javob beruvchi) avtokempinglar qurish, Buxoro xalqa yo‘lida olib borilayotgan qurilish taʼmirlash ishlarini yakuniga yetkazib, avtomobil yo‘lidan shahar hududiga yuk avtomobillari kirishini taqiqlash kabi muhim takliflar o‘rtaga tashlandi va bu borada masʼul-mutasaddilar fikr-mulohazalari eshitildi.

Bundan tashqari, shahar hududidagi tirbandliklarni bartaraf qilish, transport vositalarining oqimini ko‘chalarda bir tekisda taqsimlanishini taʼminlash maqsadida Alpomish ko‘chasining “Dinamo” aylanma harakatidan “Buxoro-2” temir yo‘l stansiyasigacha kengaytirib taʼmirlash va “Buxoro-2” stansiyasidan A–380 avtomobil yo‘liga yangi yo‘l(yo‘l o‘tkazgich) qurish, M.Burhonov, Sanoatchilar va S.Yurenev ko‘chalarini kengaytirib taʼmirlash taqozo etilayotgani alohida taʼkidlandi. Bu taklif amalga oshirilsa, B.Naqshband, M.Burhonov I.Karimov ko‘chalaridagi tirbandliklar oldi olinadi.

Shuningdek, J.Ikromiy, Oqmachit va Dilkusho ko‘chalarini kengaytirib, rekonstruksiya qilish hamda Jarqoq va Gulshan ko‘chalari orqali yangi yo‘l qurish amalga oshsa, B.Naqshband, I.Karimov va G‘ijduvon ko‘chalaridagi tirbandliklar ham o‘z yechimini topadi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi binosi oldidan “Ipotekabank” viloyat filiali orqali M.Iqbol ko‘chasiga hamda M.Iqbol ko‘chasidan Q.Murtazoyev ko‘chasiga yangi yo‘l chiqarish zarur ekani aytildi.

Bundan tashqari, A–380 avtomobil yo‘lining 228 kilometridagi “Jo‘yzar” yo‘l o‘tkazgichi orqali M–37 avtomobil yo‘liga yangi yo‘l chiqarish hamda A-380 avtomobil yo‘lining 214-kilometri (“Kalinin” chorrahasi)dan Buxoro halqa yo‘lining qurilish ishlari olib borilayotgan qismini yakuniga yetkazish lozim. Buning natijasida G‘ijduvon, Gazli shox ko‘chalaridagi tirbandliklar bartaraf etiladi. A-380 “B” “Buxoro xalqa yo‘li” avtomobil yo‘lini 4-13 kilometrlarini kengaytirib taʼmirlash hamda Namozgoh va Q.Murtazoyev ko‘chalari kesishgan qismidan A-380 “B” avtomobil yo‘liga yangi yo‘l qurish taqozo etilmoqda. Bu loyiha tufayli Mirdo‘stim va Havzi nav ko‘chalaridagi tirbandliklar oldi olinadi.

Qayd qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi PQ-3632-sonli qarori asosida G‘ijduvon va Gazli shox ko‘chalari kesishgan chorrahada, shu bilan birga “B.Naqshband - Gazli shox”, “I.Karimov-B.Naqshband”, “I.Karimov-Ibn Sino” “M.Iqbol-Namozgoh”, “M.Iqbol-Navoiy shox”, “Navoiy shox-Q.Murtazoyev” ko‘chalari chorrahalarida 9 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi tufayli yuqorida qayd etilgan 7 ta asosiy va unga yondosh bo‘lgan boshqa ko‘chalarda tirbandliklarni bartaraf etib, avtotransport vositalarining beto‘xtov harakatlanishiga imkoniyat yaratish mumkin.

Qolaversa, muhokamada jamoat transporti harakatini tartibga solishga doir takliflar o‘rtaga tashlandi. Viloyat bo‘ylab “ATTO” transport kartalaridan foydalangan holda jamoat transportida to‘lovni amalga oshiruvchi yo‘lovchilarga hamda yo‘lovchi tashuvchilarga maxsus taʼrif mexanizmi o‘rganildi. Hozirda Toshkent shahrida xuddi shunday kartalarning 4 turidan o‘quvchilar, talabalar, ijtimoiy nafaqaxo‘r va nogironlar, keng aholi foydalanishni boshlagan. Jarayon “ATTO” transport kartalarini sotish shaxobcha–kioskalarni tashkil qilish bilan boshlanadi. “ATTO” transport kartasi balansini My UzCard, Paymi, Apelsin kabi elektron to‘lov tizimlari mobil ilovalari orqali to‘ldirish mumkin. Avtobuslarda harakatlanganda, “ATTO” transport kartasini avtobusda o‘rnatilgan statsionar validatorga tekkizish orqali yoki chiptachi qo‘lidagi ko‘chma validatorga tekkizish orqali amalga oshirish mumkin.

O‘rganish va muhokama yakunida viloyat hokimi tomonidan Taʼkidlanganidek, yuqorida bayon etilgan takliflarning amalga oshirilishi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, atrof-muhit musaffoligini saqlash, pirovard natijada shaxrimizda harakat qatnashchilariga qulay sharoitlar yaratish, yurtimizga tashrif buyuradigan ko‘plab turli darajadagi delegatsiyalar, mehmonlarda ijobiy fikrlar uyg‘onishiga xizmat qiladi.

Text to speech