Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Buxoro tumani 3-sektoriga qarashli mahallalar yoshlarining murojaatlarini qabul qildi
Bugun, 19-aprel kuni Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev Buxoro tumani “Kunjiqal’a” mahallasida joylashgan madaniyat markazida sektor rahbarlari va boshqa mutasaddilar bilan birgalikda tumanning 3-sektoriga qarashli mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlarning mavjud muammolari, talab va takliflari hamda murojaatlarini o‘rgandi.
“Rahbar va yoshlar uchrashuvi”da 60 nafardan ortiq yoshlarning mavjud muammolari, taklif va murojaatlari masʼullar ishtirokida birma-bir ko‘rib chiqilib, atroflicha muhokama etildi.
Jumladan, 20 ga yaqin yoshlar tomonidan kredit olish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, taʼlim kreditini rasmiylashtirish va ijtimoiy muammolar yechimini topish borasidagi murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Ochiq muloqot davomida boshqarma boshlig‘i bugungi kunda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat ва huquqbuzarliklar, ayniqsa virtual jinoyatlar va yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirish hamda jinoyat va huquqbuzarliklar qurboniga aylanib qolmaslik yuzasidan batafsil ma‘lumotlar berib o‘tdi.
Shu kuni, tadbirdan so‘ng boshqarma boshlig‘i tumanning 3-sektoriga qarashli mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilarining birinchi chorak ish natijalarini ham muhokama qildi. Mahallalarda xizmat faoliyatini boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan yuzma-yuz muloqat mobaynida ularning joriy yil birinchi chorak davomida amalga oshirgan ish natijalarini tanqidiy ko‘rib chiqdi.
Muhokamada hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilariga davlat rahbari tomonidan bildirilayotgan yuksak ishonch, ular zimmasidagi masʼuliyat, oldinda turgan dolzarb vazifalar va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘lami hamda samaradorlik ko‘rsatgichlari va prognozlari bo‘yicha o‘zining taklif va mulohazalarini bildirdi.
Shu o‘rinda, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari ham o‘zlari faoliyat olib borayotgan mahallada mavjud viloyat hamda respublika darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan muammolarni o‘rtaga tashladilar.
Shuningdek, mutasaddilar tadbir davomida qilingan ayrim murojaatlarni joyiga chiqib o‘rganib, tumanning “Kunjiqal’a” mahallasida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkorning tikuv sexi hamda mazkur mahalla aholisiga xizmat ko’rsatuvchi qishloq oilaviy poliklinikasi ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Qo‘shimcha o‘rganish talab etgan murojaatlar ijrosi esa alohida nazoratga olinib, joylarda bu kabi tadbirlar davom ettirilmoqda.