10 Mart 2022 yil 418

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi homiyligiga berilgan Buxoro shaxridagi 24-son ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat tarbiyalanuvchilariga viloyat Ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari hamda hududiy ichki ishlar organlari rahbar xodimlari masʼul etib biriktirildi.

Avval xabar berganimizdek, Ichki ishlar vazirligi homiyligiga berilgan Buxoro shaxridagi 24-sonli ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida taʼlim sifatini yaxshilash, bilim olish, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi hamda ijtimoiy himoyasini taʼminlash, munosib turmush sharoitlarini yaratib berish maqsadida viloyat hokimligi hamda Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, manzilli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

1953 yilda tashkil topgan ushbu muassasa 160 o‘ringa mo‘ljallangan. Hozirgi kunga kelib o‘quvchi soni ortgani sababli muassasada qo‘shimcha bino qurishga ehtiyoj paydo bo‘lgan. Shundan kelib chiqib davlat standartlariga mos keladigan yangi o‘quv binosini qurish hamda mavjud binolarni kapital taʼmirdan chiqarish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilab olingan.

Yana bir eng muhim jihat. Maktab internatida tarbiyalanayotgan bolalarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash, ularga ijtimoiy, huquqiy, psixologik, tibbiy va moddiy yordamlar ko‘rsatib borish, bitiruvchilarni oliy taʼlim va kasb-hunarga yo‘naltirish orqali bandligini taʼminlash borasida amaliy yordamlar ko‘rsatish maqsadida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining farmoyishi bilan maktab internatga doimiy faoliyat olib borish uchun ikki nafar malakali inspektor psixologlar biriktirildi.

Bundan tashqari, xuddi shu yo‘nalishlardagi ishlarni tashkil etish va amalga oshirib borilishini taʼminlash uchun internatda tahsil olayotgan 269 nafar o‘quvchilar yashash manzillari bo‘yicha boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, mustaqil boshqarma va sohaviy xizmat boshliqlari, shuningdek, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlariga biriktirib berildi.

Shunga asosan har bir rahbar o‘ziga biriktirilgan o‘quvchilar bilan birma-bir uchrashib, ularning orzulari, intilish va qiziqishlarini ro‘yobga chiqarish, taʼlim dargohida bilim olishi uchun munosib sharoitlar yaratib berish, yashash manzili bo‘yicha "xonadonbay" o‘rganishlar olib borib, shaxsiy hayotidagi muammolarini ham aniqlab amaliy yordamlar ko‘rsatib borishadi.

Rahbar xodimlar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan tarbiyalanuvchilar bilan olib boriladigan manzilli ishlar boshqarma boshlig‘i tomonidan alohida nazoratga ham olindi.

Bugungi kunda muassasa tarbiyalanuvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, isteʼdodi va tashabbusini rag‘batlantirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga ko‘maklashish maqsadida ishchi guruh faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, doimiy ravishda madaniy, maʼrifiy hamda sport tadbirlari tashkillashtirilib, g‘oliblar munosib ravishda rag‘batlantirib borilmoqda.

Shu munosabat bilan, joriy yilning 10 mart kuni ham Ichki ishlar boshqarmasining tashabbusi bilan taʼlim muassasasida “Besh tashabbus besh imkon-Vatanim bizlarga ishon” shiori ostida navbatdagi maʼnaviy-maʼrifiy xarakterga ega bo‘lgan festival tashkillashtirildi.

Ushbu festival doirasida o‘quvchi yoshlar o‘rtasida

- kompyuter savodxonligi;

- mustaqil tayyorlangan qo‘l mehnatidan namunalar;

- pazandalik qobiliyati;

- sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek yuqori sinf o‘quvchilaridan tarkib topgan jamoalar ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yinlari ham o‘tkazildi.

Shu kuni masʼullar tashkil etilgan ko‘rik tanlov, musobaqa va dars jarayonida bevosita ishtirok etib, bolalarning chuqur bilim va keng dunyoqarashga ega ekanliklariga guvoh bo‘lib, ular bilan samimiy suhbatlar qurishdi.

Jarayonda imkoniyati cheklangan tarbiyalanuvchilar tomonidan bir qator talab va takliflar bildirildi.

Ularning talab va takliflaridan kelib chiqib, muassasa o‘quvchilari uchun brayl alifbosida nashr qilinadigan qo‘shimcha o‘quv hamda badiiy adabiyotlarni chop etish, audio-disklar yetkazib berish, maʼrifiy suhbatlar sonini yana-da oshirish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Festivalda ishtirok etgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev so‘zga chiqib ishtirokchilarni va g‘oliblarni tabrikladi.

O‘quvchilarning kelgusidagi o‘qish va ishlariga zafarlar tilab, festival g‘oliblarini ichki ishlar boshqarmasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.

Festival doirasida konsert dasturi ham tashkillashtirildi. Viloyatimizning taniqli sanʼatkorlari tomonidan kuy, qo‘shiq va raqslar ijro etildi. Muassasa tarbiyalanuvchilari tomonidan ijro etilgan sheʼr, kuy va qo‘shiqlar esa tadbirga o‘zgacha kayfiyat baxsh etdi.

Tadbir yakunida muassasa tarbiyalanuvchilari va ustoz murabbiylari uchun bayramona dasturxon yozildi.

Text to speech