23 Yanvar 2023 yil 629

Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi 73-sessiyasida viloyat IIB boshlig‘ining hisoboti tinglandi

Bugun, 23 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sessiya ishida tegishli viloyat boshqarmalari, tashkilotlari va muassasalari va sektor rahbarlari, siyosiy partiyalar, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi, viloyat hokimi Botir Zaripov boshqarib borib, unda dastlab viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyevning viloyatda huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini taʼminlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishning holati yuzasidan hisoboti tinglandi.

Bunda taʼkidlanishicha, 2022 yil davomida viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning barvaqt oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini joylarda tizimli tashkil etish, jamoatchilik bilan aloqalarni kuchaytirish, jamoat tartibi va aholi xavfsizligini taʼminlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilib, ijobiy natijalarga erishilgan.

Jumladan, 2022 yilda viloyatda jami 5 ming 175 ta jinoyatlar qayd etilib, o‘tgan yilga nisbatan 92 taga (5267/5175) yoki 1,8 foizga hamda jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 3 ming 415 ta sodir etilib, 200 taga (3615/3415) yoki 5,5 foizga kamaygan. Qayd etilgan 5 ming 175 ta jinoyatning 100 ming aholi soniga nisbati o‘rtacha 261,8 tadan to‘g‘ri kelib, bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 3,2 taga kamaygan. Ro‘yxatga olingan jami jinoyatlarning 1 ming 563 tasi yoki 30,2 foizi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tashabbusi bilan aniqlangan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘tgan yilda viloyatdagi 544 ta mahallalarning 252 tasi yoki 46,3 foizida jinoyat sodir etilmagan. Jami qayd qilingan jinoyatlarning o‘sish surʼati barcha tuman va shaharlarda kamaygan.

Shuningdek, yoshlar, ayollar va voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni sezilarli kamayishiga erishilgan. Qolaversa, viloyatning ayrim mahallalarida aholi soni 8 mingdan ortiq ekanligi, shuningdek, mahallalar hududida savdo obyektlari, taʼlim muassasalari va boshqa korxona va tashkilotlarning ham mavjudligi, mahallaga biriktirilgan profilaktika inspektorining ish hajmiga o‘z taʼsirini o‘tkazmasdan qolmayotganligi, buning natijasida mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar yetarli darajada tashkil etilmayotganligi oqibatida mazkur hududlarda kriminogen vaziyat yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa Buxoro shahri, Buxoro, G‘ijduvon, Kogon, Qorako‘l va Shofirkon tumanlaridagi jami 22 ta mahallalar hududiga 1 nafardan jami 22 nafar profilaktika inspektori shtat birliklarini joriy etishni taqozo etishi qayd etildi.

Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan deputatlarning ham fikr-mulohazalari va takliflari eshitildi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi. OAV vakillarining savollariga batafsil javoblar berildi.

Text to speech