Xotira - abadiy, qadr - muqaddas!
Insonga har kuni tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik kerak. Tinchligini yo‘qotgan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam bo‘la olmaydi. Tinchlik-xotirjamlik – taraqqiyot garovidir.
Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ‘ibiga bag‘ishlangan buyuk milliy maʼnaviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.
9 mayni Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.
Ikkinchi jahon urushi frontlarida Buxoro viloyatidan ketgan 73 ming 688 nafar kishi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi kurashda qatnashgan. Ularning 30 ming nafari jang maydonlarida qolib ketgan. Bu qadimiy yurt farzandlaridan 13 nafari qahramon, bir nafari esa uchala darajali “Shuhrat” ordeniga sazovor bo‘lgan.
Sana arafasida Prezidentimizning Farmoni asosida viloyat hokimi va sektor rahbarlari boshchiligidagi qator mutasaddilar ishtirokida viloyatdagi 15 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi qutlanib, ularga bir martalik pul mukofoti, Yurtboshimizning tabrigi va qimmatbaho sovg‘alar tantanali tarzda topshirildi. Shuningdek, front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xonadonlariga borilib, oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam ko‘rsatildi.
Bugun, erta tongdan “9-may – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Buxoro shahridagi Xotira maydonida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokim, sektor rahbarlari, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar hamda Janubiy-g‘arbiy harbiy okrugi, Milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari jamoalari, shu jumladan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoasi urush qurbonlari xotirasiga chuqur ehtirom ramzi sifatida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi.
Muborak nomlari “Xotira kitobi”dagi oltin sahifalarga bitilgan bobolarimiz xotirasi yodga olindi.
Xotira va Qadrlash kunini munosib nishonlashdan ko‘zlagan bosh maqsad – Vatan himoyachilarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, urushni qoralash, tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini taʼminlash uchun ter to‘kib, unumli mehnat qilayotganimizning shukronasini qilishdan iborat.
Bu esa har qanday kishini maʼnan rag‘batlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu yurtga sadoqat va qatʼiyat bilan xizmat qilishga undaydi.
Zero, xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.