1 Dekabr 2021 yil 434

“Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev Shofirkon va G‘ijduvon tumanlari ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlashga doir sayyor uchrashuv o‘tkazdi.

Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, joriy yilning 20 noyabr kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, viloyat ichki ishlar organlarining kelgusidagi ustuvor vazifalarini belgilab olish hamda xodimlar o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlashga doir amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘XBB Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmat rahbarlari hamrohligida hududiy ichki ishlar organlari xodimlari va ularning ota-onalari bilan yuzma-yuz uchrashib, samimiy muloqot qilmoqda.

Navbatdagi uchrashuv joriy yilning 1 dekabr kuni Shofirkon va G‘ijduvon tumanlari ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va ularning ota onalari bilan o‘tkazildi.

Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala o‘tgan davr mobaynida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xizmat o‘tashni tashkillashtirish, xodimlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar ahvoli, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, asosiy eʼtibor kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga qaratildi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan uchrashuvda, xizmat intizomi va qonunbuzarlik bilan bog‘liq yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar sarhisobidan kelib chiqib, o‘z xizmat vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan qator xodimlar va mas'ul rahbarlar qattiq ogohlantirilib, intizomiy choralar ko‘rish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Yig‘ilish davomida ushbu ikkala tuman ichki ishlar organlarining kelgusidagi ustuvor vazifalari, 2021 yilning yakuniga qadar xodimlar o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlashga doir amalga oshirilishi lozim manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Jumladan, ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatini to‘g‘ri va adolatli olib borish, tizimni xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylantirish, xodimlarni Vataniga va kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, taraqqiyotning eng asosiy to‘siqlaridan biri bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi keskin va ayovsiz kurash olib borish lozimligi qayd etib o‘tildi.

Yig‘ilishda xodimlarning oila aʼzolariga hozirgi kunda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan qonun buzilish holatlari va ularning oqibatlari bo‘yicha tayyorlangan video rolik namoyish etildi va tushuntirishlar berilib, farzandlarini hushyorlikka chaqirishlari aytib o‘tildi.

Yig‘ilish yakunida xizmat vazifasiga vijdonan yondashib sidqidildan xizmat qilib kelayotgan xodimlar rag‘batlantirilib, ularning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.

Bu kabi tadbirlar barcha shahar va tuman ichki ishlar organlari hamda sohaviy xizmat xodimlari va ularning ota onalari bilan o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Text to speech