“Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida Buxoro viloyati Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlashga doir sayyor uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, joriy yilning 20 noyabr kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, viloyat ichki ishlar organlarining kelgusidagi ustuvor vazifalarini belgilab olish hamda xodimlar o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlashga doir amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘XBB Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmat rahbarlari hamrohligida viloyatning Olot hamda Qorako‘l tumanlariga borib, ushbu tumanlar ichki ishlar bo‘limlari xodimlari va ularning ota-onalari bilan yuzma-yuz uchrashib, samimiy muloqot qildi.
Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala hisoblangan joriy yilning 10 oyi davomida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xizmat o‘tashni tashkillashtirish, xodimlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar ahvoli, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, asosiy eʼtibor kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga qaratildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan uchrashuvda, sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar sarhisobidan kelib chiqib, o‘z xizmat vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan 2 nafar xodim lavozimidan ozod etildi va 14 nafar xodim qattiq ogohlantirildi.
Yig‘ilish davomida ushbu ikkala tuman ichki ishlar bo‘limlarining kelgusidagi ustuvor vazifalari, 2021 yilning yakuniga qadar xodimlar o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlashga doir amalga oshirilishi lozim manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Jumladan, ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatini to‘g‘ri va adolatli olib borish, tizimni xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylantirish, xodimlarni Vataniga va kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, taraqqiyotning eng asosiy to‘siqlaridan biri bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi keskin va ayovsiz kurash olib borish lozimligi qayd etib o‘tildi.
Yig‘ilishda xodimlarning oila aʼzolariga hozirgi kunda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilayotgan qonun buzilish holatlari va ularning oqibatlari bo‘yicha tushuntirishlar berilib, farzandlarini hushyorlikka chaqirishlari aytib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida xizmat vazifasiga vijdonan yondashib sidqidildan xizmat qilib kelayotgan xodimlar va ularning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.
Bu kabi tadbirlar barcha shahar va tuman ichki ishlar organlarida o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.