25 Noyabr 2021 yil 448

“Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlashga doir navbatdagi sayyor uchrashuv Vobkent tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari va ularning ota-onalari bilan o‘tkazildi.

Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, joriy yilning 20 noyabr kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, viloyat ichki ishlar organlarining kelgusidagi ustuvor vazifalarini belgilab olish hamda xodimlar o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlashga doir amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘XBB Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmat rahbarlari hamrohligida hududiy ichki ishlar organlariga borib, shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlari xodimlari va ularning ota-onalari bilan yuzma-yuz ko‘rishib, sayyor uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Bugun ham boshqarma boshlig‘i Vobkent tumani hokimligida tashkil etilgan xuddi shunday uchrashuvda qatnashib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xizmat o‘tashni tashkillashtirish, xodimlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar ahvoli, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni atroflicha muhokama qilib, asosiy eʼtiborni kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga qaratdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan uchrashuvda, Vobkent tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ham sarhisob qilinib, o‘z xizmat vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan 4 nafar xodimlar qattiq ogohlantirildi.

Yig‘ilish davomida tuman ichki ishlar bo‘limining kelgusidagi ustuvor vazifalari, 2021 yilning yakuniga qadar xodimlar o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlashga doir amalga oshirilishi lozim manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Jumladan, ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatini to‘g‘ri va adolatli olib borish, tizimni xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylantirish, xodimlarni Vataniga va kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, taraqqiyotning eng asosiy to‘siqlaridan biri bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi keskin va ayovsiz kurash olib borish lozimligi qayd etib o‘tildi.

Yig‘ilishda xodimlarning oila aʼzolariga hozirgi kunda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilayotgan qonun buzilish holatlari va ularning oqibatlari bo‘yicha tushuntirishlar berilib, farzandlarini hushyorlikka chaqirishlari aytib o‘tildi.

Yig‘ilish yakunida xizmat vazifasiga vijdonan yondashib sidqidildan xizmat qilib kelayotgan 4 nafar xodimga “Ichki ishlar vazirligi tashkil topganining 30 yillik esdalik nishoni”, 5 nafar xodimlarning ota-onalariga minnatdorchilik xati va 11 nafar yuqori ish ko‘rsatgichlariga ega bo‘lgan xodimlarga pul mukofotlari topshirildi.

Bu kabi tadbirlar barcha shahar va tuman ichki ishlar organlarida o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Text to speech