30 Noyabr 2021 yil 649

“Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga doir navbatdagi sayyor uchrashuv Buxoro viloyatining Jondor tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari va ularning ota-onalari bilan o‘tkazildi.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, joriy yilning 20 noyabr kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, viloyat ichki ishlar organlarining kelgusidagi ustuvor vazifalarini belgilash hamda xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida hududiy ichki ishlar organlariga borib, har bir xodim va ularning ota-onalari bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Bugun, joriy yilning 30 noyabr kuni ham boshqarma boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘XBB Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmat rahbarlari hamrohligida viloyatning Jondor tumanida bo‘lib, tuman hokimligi majlislar zalida Ichki ishlar bo‘limi xodimlari va ularning ota-onalari bilan yuzma-yuz uchrashib, samimiy muloqot qildi.

Uchrashuvning asosiy masalasi hisoblangan joriy yilning 10 oyi davomida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xizmat o‘tashni tashkillashtirish, xodimlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar ahvoli, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, asosiy eʼtibor kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga qaratildi.

Tanqidiy va tahliliy tarzda o‘tgan uchrashuvda, viloyat va tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar sarhisob qilinib, o‘z xizmat vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan xodimlarga nisbatan qattiq intizomiy taʼsir choralari qo‘llanildi, qator xodimlar esa qattiq ogohlantirildi.

Yig‘ilish davomida Jondor tumani ichki ishlar bo‘limida 2021 yilning yakuniga qadar xodimlar o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlashga doir amalga oshirilishi lozim bo‘lgan manzilli chora-tadbirlari belgilab olindi.

Jumladan, kadrlar siyosatini to‘g‘ri va adolatli olib borish, tizimni xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylantirish, xodimlarni Vataniga va kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, taraqqiyotning eng asosiy to‘siqlaridan biri bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi keskin va ayovsiz kurash olib borish lozimligi qayd etib o‘tildi.

Yig‘ilishda xodimlarning oila aʼzolariga hozirgi kunda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilayotgan qonun buzilish holatlari va ularning oqibatlari yuzasidan tayyorlangan viderolik namoyish etilib, xodimlar va ularning ota-onalari hushyorlikka chaqirildi.

Yig‘ilish yakunida xizmat vazifasiga vijdonan yondashib sidqidildan xizmat qilib kelayotgan xodimlarga pul mukofotlari hamda ularning ularning ota-onalariga tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.

Bu tadbirlar davom ettirilmoqda.

Text to speech