15 Mart 2022 yil 514

“Yoshlar kelajagimiz” media platformasi orqali Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh huquqshunoslar” onlayn viktorinasi g‘oliblari taqdirlandi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvar kunidagi PQ-92-sonli Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Buxoro viloyatida “Yoshlar kelajagimiz” media platformasi yaratilib, unda viloyatimizning 50 mingdan ortiq yoshlari birlashtirilgan.

Ushbu media platformasi orqali yoshlar o‘rtasida sportni, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida onlayn viktorinalar tashkil qilinib, yoshlarni munosib taqdirlash ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning 10 mart kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasining tashabbusi bilan mazkur “Yoshlar kelajagimiz” media platformasida “Yosh huquqshunoslar” onlayn viktorinasi eʼlon qilingan edi.

Onlayn viktorinada o‘n mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Huquqshunoslik yo‘nalishida eʼlon qilingan 31 ta savollarga tezkorlik va zukkolik bilan javob bergan 3 nafar g‘oliblar bot kanal orqali aniqlandi.

Viktorina yakuniga ko‘ra faxrli 1-o‘rinni Buxoro Davlat Tibbiyot institutining talabasi Avazbek Abdujalilov,

2-o‘rinni Buxoro Davlat Pedagogika Universitetining talabasi Xurshid Zaripov,

3-o‘rinni esa Buxoro Davlat Tibbiyot Instituti talabasi Erkinjon Raxmatovlar egalladilar.

Joriy yilning 15 mart kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasida boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev onlayn viktorina g‘oliblari bilan uchrashib, ularga diplom ham esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Uchrashuv davomida yoshlarning onlayn viktorina bo‘yicha fikr, mulohaza va takliflarini eshitib, kelgusidagi yana xuddi shu kabi viktorinalarni o‘tkazib borish va uning yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi hamda onlayn viktorinaning keyingi bosqichlarini tashkillashtirish yuzasidan masʼul rahbarlarga manzilli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Text to speech