18 Avgust 2021 yil 943

Yuksak mukofot sohiblari MARD O‘G‘LON

Xalqimiz “Mard maydonda sinaladi”, maqolini dovyurak, jasur, mard va epchil, o‘z kuchiga ishongan hamda mag‘rur polvonlarga atagani rost. Ana shunday polvonlar asosan musobaqalarda o‘z kuchini sinab, ota-bobolarining muborak nomlariga dog‘ tushurmaslikka intilib, halol kurashib kelishgan. Buxoro zaminidan juda ko‘p mashhur polvonlar, sportchilar chiqqan va ularning izdoshlari tobora ko‘paymoqda. Lavhamiz qahramoni –viloyat IIB TVBSO katta mutaxassisi, katta serjant Jahongir Jumayevning aynan sport sohasidagi yutuqlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Jahongirning otasi O‘ktam polvon va amakilari to‘y kurashlarda, sayllarda qatnashib, bosh sovrinlarga ega bo‘lib kelishgan. Shu bois ham yoshligidan otasi sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Ayniqsa, 5-sinfdan uni Peshku tumanidagi sport internat-maktabida o‘qishga eltib qo‘ydi. Bu yerda murabbiyi rahmatli Jalil Jalolovichdan milliy kurash sirlarini puxta o‘rganib, rosa ikki yil “xumdonda pishdi”. So‘ng musobaqalarda qatnashib, dastlab tuman, viloyat, shuningdek, respublika birinchiligi g‘olibi bo‘ldi.

Yengil sanoat kollejida tahsil ola boshlagach, Bolalar va o‘smirlar sport maktabining yana bir sport turi –qo‘l jangi bilan jiddiy shug‘ullandi va ko‘p o‘tmay musobaqalar g‘olib bo‘la boshladi. 2010 yili Jahongir uchun unutilmas kun bo‘ldi. U shu yili Navoiy shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan respublika birinchiligida mutlaq g‘olib bo‘lib, ilk Oltin medalini qo‘lga kiritdi va O‘zbekiston chempioni nomiga musharraf bo‘ldi. Shu-shu har yili respublika birinchiliklarida qatnashib, faqat va faqat oltin medallar oldi. Xususan, 2012, 2013, 2014, 2015, 2016, 2017, 2018, 2019 va 2021 yillar chempionatlarda qatnashib, oltin medallar shodasini oshiraverdi.

Jahongirning bunday tanilishiga, chempion bo‘lishiga murabbiylari Jamshid Murodov hamda Temur G‘iyosovlarning xizmatlarini ikki og‘iz gap bilan aytib bo‘lmaydi. Ular bor mahoratlarini ishga solib, chinakamiga saboq berishdi. Shu bois ham yillar osha faqat birinchilikni kanda qilmay kelyapti.

–Bolalikda ikki narsani orzu qilgan edim. Biri O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarish bo‘lsa, ikkinchisi yurtimizning tinchligini, osoyishtaligi taʼminlab, Vatan posboni bo‘lish edi. Shu maqsadda 2012 yili viloyat ichki ishlar boshqarmasiga hujjatlarimni topshirdim va imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, ikkinchi niyatimga ham erishdim, –deydi lavhamiz qahramoni g‘ururlanib.

Haqiqatan ham Jahongir omadli yigitlardan. U viloyat IIB TVBSO ga katta mutaxassis lavozimida xizmat qilib kelmoqda. Unga sohaning sir-asrorlarini o‘rgatishda otryad komandiri, podpolkovnik Nurmurod Bobomurodovning hissasi katta bo‘ldi. Odamzod biror kasbning etagini tutsa, yoshlikda yoki shug‘ullanib kelayotgan mashg‘ulotini yig‘ishtirib qo‘yadi. Chunki u bor eʼtiborini egallayotgan kasbiga qaratadi. Yangi muhitga moslashishga harakati qiladi. Rahbariyatning, ustozlarining ishonchini oqlashga kirishadi. Biroq Jahongir sportni yig‘ishtirib qo‘ymadi. Aksincha, xizmatdan so‘ng, bo‘sh paytlari sportning birgina “Qo‘l jangi” turi bilan emas va balki “Jangovar Sambo” turida ham muntazam shug‘ullanmoqda. Unga sport, ayniqsa, qo‘l jangi sanʼati hozirgi vazifasi uchun juda zarur. Buni aytishning hojati bo‘lmasa kerak. Shu bois ham yuqorida aytilganiday “Qo‘l jangi” sport turi bilan nafaqat O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Jahon miqyosida o‘tkazilayotgan musobaqalarda ham faol qatnashib kelmoqda.

2015, 2016 va 2017 yillar Jahongirjon uchun juda omadli keldi. Yaʼni, 2015 yili Germaniyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida, 2016 yili Belgiya davlatiga Yevropa ochiq chempionatida hamda 2017 yili Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida faxrli birinchi o‘rinlarni egallab, oltin medallar shodasini yana uchtaga ko‘paytirdi. Qolaversa, 2018 yil Moskva shahrida o‘tkazilgan sportning “Qo‘l jangi” turi bo‘yicha WTKS kamari sohibi bo‘ldi.

Shuningdek, katta serjant J.Jumayev 2017-2019 yillarda Buxoro, Namangan hamda Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan professionallar o‘rtasida xalqaro turnir g‘olibi, 2019 yilda sportning “Aralash jang yakka kurashi” MMA 20-turniri g‘olibi, 2020 yil Belarusiya davlatining Minsk shahrida “HSIF” yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogida birinchi o‘rinni, 2020 yilda o‘tkazilgan sportning “Aralash jang yakka kurashi” MMA turi bo‘yicha Mudofaa vazirligi kubogi sohibi bo‘lib, g‘oliblik nashidasini surdi.

Chempion xodimimiz joriy yilda o‘tkazilayotgan “Qo‘l jangi” musobaqalarida ham anʼanasini davom ettirib kelyapti. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari o‘rtasidagi birinchilikda hamda O‘zbekiston chempionatida mutlaq g‘olib bo‘ldi. Qisqasi, katta serjant J.Jumayev, “Qo‘l jangi”, “Aralash jang yakka kurashi” hamda “Jangovar sambo” bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi terma jamoasi tarkibiga kiritilgan. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining “Sport ustasi” va “Xalqaro toifadagi sport ustasi” darajalariga ega bo‘lgan.

Darhaqiqat, el-yurt tinchligi, osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli vazifani sidqidildan ado etayotgan katta serjant Jahongir Jumayev o‘zining kasbga bo‘lgan fidoyiligi bilan obro‘ eʼtibor qozondi, hamkasblarining hurmat-izzatiga sazovor bo‘ldi. Qolaversa, Hukumatimiz hamda IIVning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Ichki ishlar vazirligining “Aʼlo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni va ikki marotaba qimmatbaho qo‘l soatini oldi. Yaqinda Prezidentimizning “Yoshlar kuni” munosabati bilan Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, yangi O‘zbekistonni barpo etish va uning xalqaro nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotganligi uchun “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Mirzoqul AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Text to speech