“1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan Buxoro shahridagi 24-sonli “Nurli maskan” o‘quvchilariga viloyat ichki ishlar organlari masʼul xodimlari tomonidan alohida eʼtibor ko‘rsatildi
Farzand - inson umrining ko‘rki va mazmunidir. Jajji va qalbi beg‘ubor bolajonlarni ardoqlash, sog‘lom o‘stirish, turli xurujlardan asrash, ularga taʼlim-tarbiya berish kattalarning muqaddas burchi hisoblanadi. O‘zbek xalqi azal-azaldan bolajon. Yurtimizning qaysi bir go‘shasiga bormang, bolalarga ko‘rsatilayotgan yuksak eʼtibor va g‘amxo‘rliklarning guvohi bo‘lish mumkin. Farzandlar ko‘zidagi quvonchni ko‘rib, qalblar faxr va g‘ururga to‘ladi.
Mamlakatimizda bolalar manfaatlarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratiladi. Yosh avlodni jismonan va maʼnan sog‘lom qilib voyaga yetkazish, farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalasiga davlat siyosati darajasida qaraladi.
Shu o‘rinda taʼkidlab o‘tish joizki, Ichki ishlar vazirligi homiyligiga berilgan Buxoro shahridagi 24-sonli “Nurli maskan” tarbiyalanuvchilariga masʼul etib biriktirilgan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari hamda hududiy Ichki ishlar organlari rahbar xodimlari tomonidan ham yoshlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashda, bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoit yaratish, qiziqishlari bo‘yicha to‘g‘ri yo‘naltirish, sportga jalb qilish kabi masalalar ham diqqat markazida bo‘lmoqda.
Mas‘ullar tomonidan internatda taʼlim sifatini yaxshilash, bilim olish, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi hamda ijtimoiy himoyasini taʼminlash, munosib turmush sharoitlarini yaratib berishga doir keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, mustaqil boshqarma va sohaviy xizmat boshliqlari, shuningdek, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari tomonidan bugun, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan maskanda tahsil olayotgan 269 nafar o‘quvchilar xonadonlariga borilib, ularning yashash sharoitlari yaqindan o‘rganildi va bayram sovg‘alari ulashildi.
Har bir rahbar o‘ziga biriktirilgan o‘quvchilar bilan “xonadonbay” o‘rganishlar olib borarkan, ularning orzulari, intilish va qiziqishlarini ro‘yobga chiqarish, bilim olishlari uchun munosib sharoitlar yaratib berish, shaxsiy hayotidagi mavjud muammolarini ham aniqlab yozgi tatil davomida bajarilishi lozim bo‘lgan chora tadbirlarni belgilab oldilar.