16 Yanvar 2025 yil 1584

"14-yanvar - Vatan himoyachilar kuni" munosabati bilan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tantanali tadbir tashkil etildi

Videokonferensaloqa tizimi orqali o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Jamoat xavfsizligi Departamenti boshlig‘i general-mayor Bekmurod Abdullayev, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari, boshqarma hamda hududiy ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general mayor Bekmurod Abdullayev tomonidan o‘tgan hisobot yilida Buxoro viloyati ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan ijobiy natijalar xususida so‘z yuritilib, vazirning tabrik so‘zlari o‘qib eshittirildi.

Shundan so‘ng, "14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni" munosabati bilan Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i asosida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunovga navbatdagi “Polkovnik” maxsus unvoni tantanali ravishda topshirildi.

Tantanali tadbirda so‘z olgan boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov davlatimiz rahbari va Ichki ishlar vaziri tomonidan bildirilgan bunday yuksak ishonch hamda berilgan unvon uchun minnatdorchilik bildirib, Buxoro viloyati hududida kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida qo‘l ostidagi shaxsiy tarkib bilan birgalikda tunu-kun sadoqat bilan xizmat qilishga vaʼda berib, tadbirni davom ettirdi.

Tadbir davomida ushbu bayram munosabati bilan vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligini taʼminlash yo‘lidagi ko‘p yillik fidokorona xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurash va uni oldini olishda qo‘shgan munosib hissasi uchun bir nafar xodimga muddatidan oldin “Podpolkovnik” maxsus unvoni berilganligi hamda 10 nafar xodimlar navbatdagi “leytenant” maxsus unvoni bilan taqdirlanganligi o‘qib eshittirilib, tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, bir guruh xodimlar “Aʼlo xizmatlari uchun”, III darajali, II darajali hamda I darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun”, “To‘maris” ko‘krak nishonlari, Ichki ishlar vazirligining “Faxriy yorlig‘i", esdalik qo‘l soati, qimmatbaho kitoblar jamlanmasi hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Bayram munosabati bilan ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilgan mehnat faxriylari ham munosib eʼtirof etildi.

Jumladan, bir nafar faxriy “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi" ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan bo‘lsa, yana bir nafar mehnat faxriysi Ichki ishlar vazirligining esdalik qo‘l soati bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining tegishli buyrug‘iga asosan  sarhadlarimiz xavfsizligini taʼminlash, davlat xavfsizligini mustahkamlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotganligini munosabati bilan bir nafar xodim III darajali “Chegara qo‘shinlari aʼlochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Buxoro viloyati IIB boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan, 21 nafar xodimlarga ofitserlar tarkibining “katta leytenant” maxsus unvoni ham tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, xizmat vazifasini bajarishi bilan bog‘liq holatda unga pora taklif qilinayotganligi to‘g‘risida viloyat IIB rahbariyatiga tegishli tartibda maʼlum qilib, tizimda korrupsiyani oldini olish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasini ko‘rsatib, o‘z xizmat vazifalariga vijdonan yondashgan holda hamkasblariga alohida o‘rnak ko‘rsatganligi hamda jamiyatda qonun ustivororligi, jazo muqarrar ekanligini amalda taʼminlaganligi uchun bir nafar xodim 10.000.000 miqdoridagi pul mukofoti bilan tadirlandi.

Bayram tadbiri davomida barcha taqdirlanganlar va shaxsiy tarkib yana bir bor muborakbod etilib, kelgusida har bir xodim eʼtibordan chetda qolmasdan, turli darajadagi mukofotlarga tavsiya etilishi hamda ijtimoiy himoya tizimining barcha yo‘nalishlarida manzilli ishlar olib borilishi taʼkidlandi.

Text to speech