12 Iyul 2025 yil 211

2025/2026 o‘quv yili uchun oliy va professional taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarini o‘tkazish davrida xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlariga doir kengaytirilgan tezkor yig‘ilish o‘tkazildi

2025–2026-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilish jarayonida test sinovlarining xavfsiz, shaffof va uyushqoq tarzda o‘tkazilishini taʼminlash maqsadida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida kengaytirilgan tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishga Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i rahbarlik qildi. Unda viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼul rahbarlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Buxoro viloyati Bilim va malakalarni baholash agentligi rahbarlari hamda boshqa tegishli idora va xizmatlar mutasaddilari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda Joriy yilning 14-23 iyul kunlari 2-smenada Buxoro viloyatidagi Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limi hamda “Yoshlik” sport majmuasida test sinovlari tashkil etilishi belgilanganligi sababli, ushbu manzillarda xavfsizlik choralarini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, abituriyentlar va ularning yaqinlari uchun qulay va osoyishta muhit yaratish masalalari keng muhokama qilindi.

Sinovlarga hamroh bo‘lib keladigan fuqarolar to‘planadigan maxsus joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar, huquqiy targ‘ibot va tushuntirish ishlarini tashkil etish, shuningdek, monitorlar orqali mavzuga doir videoroliklarni namoyish etish kabi chora-tadbirlar yuzasidan ham aniq vazifalar yuklatildi.

Yig‘ilish davomida shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirish, xizmat intizomiga qatʼiy rioya etish, ehtimoliy favqulodda holatlarga tezkor munosabat bildirish, hamkor tashkilotlar bilan hamjihatlikda faoliyat olib borish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Yig‘ilish yakunida barcha mutasaddi idora va xizmat rahbarlariga belgilangan vazifalarni masʼuliyat bilan bajarish, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini to‘liq taʼminlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Text to speech