2500 AQSH dollar evaziga sertifikat olib bermoqchi bo‘lgan firibgar fosh etildi
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti “Xorijiy tillar” kafedrasi o‘qituvchisi Shofirkon tumani Do‘rmen mahallasida yashovchi 1986 yilda tug‘ilgan A.M. fuqaro J.D. ni aldab, ishonchini suiisteʼmol qilib, unga vakolatli tanishlari orqali “S” ingliz tili darajasini belgilovchi sertifikatni olib berishni vaʼda qilib, evaziga 2500 AQSH dollarini talab qiladi.
2023 yil 11 mart kuni soat taxminan 11:50 larda Buxoro viloyati huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Buxoro shahar “Q.Murtazoyev” ko‘chasidagi “Shafran” nomli umumiy ovqatlanish shaxobchasi oldida ushbu shaxs talab qilingan pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK. ning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.