7 Mart 2024 yil 2623

8 mart — “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan Buxoro viloyati ichki ishlar organlarida faoliyat olib boruvchi xotin-qizlar munosib eʼtirof etildi

Ayol — go‘zallik, sadoqat va fidoyilik ramzi. Ayolni eʼzozlash sharqona madaniy meroslarimiz sirasiga kiradigan qadriyatlarimizdan biri sanaladi.

Bugun ushbu latofat sohibalari orasida el-yurt tinchligi va farovonligi yo‘lida ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar soni tobora ortib boryapti.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida 8 mart — “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan tantanali tadbir tashkillashtirilib, ham ayol ham osoyishtalik posbonlari munosib eʼtirof etildi.

Unda viloyat IIBning sohaviy xizmatlar rahbarlari, tizimda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar va soha faxriylari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan boshqarma boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov jamoat xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlashni o‘zining burchi deb bilib, ichki ishlar organlari safida fidokorona xizmat qilib kelayotgan barcha xotin-qizlar va faxriy ayollarni sana munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonovning tizim xotin-qizlariga yo‘llagan bayram tabrigi hamda viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimalarni mukofotlash to‘g‘risidagi tegishli buyrug‘i o‘qib eshittirildi.

Unga ko‘ra, ichki ishlar organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo‘shganligi uchun 2 nafar xodimaga “Aʼlo xizmatlari uchun”, 2 nafariga 2 darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” hamda yana 2 nafariga 3 darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari,1 nafariga Ichki ishlar vazirligining “Faxriy yorlig‘i” va 2 nafariga vazirning “Esdalik qo‘l soati” tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, Boshqarma boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimovning tegishli buyurig‘i asosida 2 nafar xodima boshqarma boshlig‘ining “Esdalik qo‘l soati” hamda 2 nafari boshqarma boshlig‘ining qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha shahar-tumanlari bo‘ylab qizg‘in davom etmoqda. Zotan ayol qadri, inson qadri ulug‘langan yurtda tinchlik va farovonlik, ahillik va baraka albatta barqaror bo‘ladi.

Text to speech