8 mart — “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan Buxoro viloyati Ichki ishlar organlarida faoliyat olib boruvchi xotin-qizlar munosib eʼtirof etildi
Ayol — go‘zallik, sadoqat va fidoyilik ramzi. Ayolni eʼzozlash sharqona madaniy meroslarimiz sirasiga kiradigan qadriyatlarimizdan biri sanaladi.
Bugun ushbu latofat sohibalari orasida el-yurt tinchligi va farovonligi yo‘lida ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar soni tobora ortib boryapti.
Buxoro viloyati Musiqali drama teatrida 8 mart — “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan tantanali tadbir tashkillashtirilib, viloyat ichki ishlar organlarida faoliyat olib boruvchi ham ayol ham osoyishtalik posbonlari munosib eʼtirof etildi.
Unda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahabariyati, tizimda faoliyat olib borayotgan 250 dan ortiq xotin-qizlar va soha faxriylari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar jamoat xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlashni o‘zining burchi deb bilib, ichki ishlar organlari safida fidokorona xizmat qilib kelayotgan barcha xotin-qizlar va faxriy ayollarni sana munosabati bilan samimiy muborakbod etishdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-mayor Aziz Tashpulatovning tizim xotin-qizlariga yo‘llagan bayram tabrigi hamda viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimalarni mukofotlash to‘g‘risidagi tegishli buyrug‘i o‘qib eshittirildi.
Unga ko‘ra ichki ishlar organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo‘shganligi uchun 1 nafar xodimaga muddatidan avval katta leytenant unvoni, 1 nafar xodimaga "Aʼlo xizmatlari uchun", 1 nafariga II darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” hamda yana 1 nafariga II darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, 1 nafariga Ichki ishlar vazirligining “Faxriy yorlig‘i” va 1 nafariga vazirning “Esdalik qo‘l soati” tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, boshqarma boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan bir guruh xodimlar moddiy rag‘batlantirildi.
Shu bilan birgalikda bayram munosabati bilan viloyat hamda respublika darajasida o‘tkazilgan turli ko‘rik-tanlov hamda sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan xodimalarga diplom, pul va boshqa qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Sana munosabati bilan viloyat Madaniyat boshqarmasi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi, xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha shahar-tumanlari bo‘ylab qizg‘in davom etmoqda. Zotan ayol qadri, inson qadri ulug‘langan yurtda tinchlik va farovonlik, ahillik va baraka barqaror bo‘ladi.