7 Mart 2023 yil 375

8-mart — “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan viloyat IIBda tashkil etilgan tantanali tadbirda ham ayol, ham osoyishtalik posbonlari munosib eʼtirof etildi

Ayol — go‘zallik, sadoqat va fidoyilik ramzi. Ayolni eʼzozlash sharqona madaniy meroslarimiz sirasiga kiradigan qadriyatlarimizdan biri sanaladi.

Bugun ushbu latofat sohibalari orasida el-yurt tinchligi va farovonligi yo‘lida ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar soni tobora ortib boryapti.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida 8-mart — “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan tantanali tadbir tashkillashtirilib, ham ayol ham osoyishtalik posbonlari munosib eʼtirof etildi.

Unda viloyat IIBning sohaviy xizmatlar rahbarlari, tizimda faoliyat olib borayotgan 200 dan ortiq xotin-qizlar va soha faxriylari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan boshqarma boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov jamoat xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlashni o‘zining burchi deb bilib, ichki ishlar organlari safida fidokorona xizmat qilib kelayotgan barcha xotin-qizlar va faxriy ayollarni sana munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonovning tizim xotin-qizlariga yo‘llagan bayram tabrigi hamda viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimalarni mukofotlash to‘g‘risidagi tegishli buyrug‘i o‘qib eshittirildi.

Unga ko‘ra bchki ishlar organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo‘shganligi uchun 1 nafar xodimaga "Aʼlo xizmatlari uchun", 2 nafariga II darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” hamda yana 2 nafariga III darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, 3 nafariga Ichki ishlar vazirligining “Faxriy yorlig‘i” va 2 nafariga vazirning “Esdalik qo‘l soati” tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, 6 nafar xodima boshqarma boshlig‘ining “Faxriy yorlig‘i” hamda 9 nafari “Tashakkurnoma”si va qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

Qolaversa, 188 nafar xotin-qizlar viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘i bilan moddiy rag‘batlantirilib, ayrim xodimalarning intizomiy jazo choralari rag‘batlantirish tariqasida muddatidan ilgari bekor qilindi.

Shu bilan birgalikda bayram munosabati bilan viloyat hamda respublika darajasida o‘tkazilgan turli ko‘rik-tanlov hamda sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan 5 nafar xodimalarga diplom, pul va boshqa qimmatbaho sovg‘alar berilib, 2 nafar faxriy xodimalar ham munosib eʼtirof etildi.

Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha shahar-tumanlari bo‘ylab qizg‘in davom etmoqda. Zotan ayol qadri, inson qadri ulug‘langan yurtda tinchlik va farovonlik, ahillik va baraka albatta barqaror bo‘ladi.

Text to speech