14 Mart 2023 yil 428

Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik M.Miralimov tomonidan Buxoro tumanida jinoyatchilikning fuqarobay muhokamasi o‘tkazildi

Ma’lumki, bugungi kunda hududlarda xavfsiz muhitni yaratish bo`yicha “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida nizoli oilalarda oilaviy qadriyatlarni tiklash, mavjud nizolarni hal etish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “fuqarobay” ishlar amalga oshirilmoqda . 

Xususan, mahallalarni jinoyatdan holi va xavfsiz hududga aylantirish hamda aholi muammolarini manzilli bartaraf etish borasida hududlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida mahallada faoliyat olib boruvchi beshlik imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyatida Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatchilik holati joyida muhokama qilib borilmoqda.

Jumladan, bugun, 14-mart kuni jinoyatchilikning navbatdagi “fuqarobay” muhokamasi boshqarma boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov tomonidan tuman hokimi boshchiligidagi mas’ul sohaviy rahbarlar va mahalla mutasaddilari ishtirokida Buxoro tumani “Mustaqillik” mahallasi misolida o‘tkazildi.

Mazkur mahallada o‘tgan hisobot yilida jami 14 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ushbu hudud “qizil toifa” sirasiga kirgan. Joriy yilning mart oyida ham hudud fuqarosining yana bir og‘ir turdagi (odam savdosi) jinoyat sodir etishi mahallada “fuqarobay” tizimning ishlamayotganidan dalolat bergani ta’kidlandi. 

Muhokamada mahalla fuqarosi tomonidan sodir etilgan jinoyatning sabablari va uning kelib chiqishiga imkon bergan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hisobotlari tinglandi.

Mahallada kelgusida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida, “xonadonbay”, “oilabay” va “fuqarobay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi, ayniqsa ishlash yoki boshqa maqsadlarda chet elga chiqib ketgan va chet eldan qaytib kelgan fuqarolar bilan ishlashning zamonaviy metodlarini qo‘llash, taalluqli idoralar vakillari bilan uzviy hamkorlik qilish yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Text to speech