Afv etilgan fuqarolarning muammolari o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan 488 nafar shaxs afv etildi. Ular qatorida Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi 18 nafar shaxslar ham bor.
Bugun, Buxoro viloyati prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i boshchiligidagi masʼullar Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi Ijtimoiy profilaktika bo‘limi binosida afv etilgan ushbu 18 nafar buxorolik fuqarolarning muammolarini o‘rganib, ularning murojaatlari bo‘yicha manzilli chora tadbirlarni belgiladilar.
Jarayonda davlatimiz rahbari tomonidan berilgan imkoniyatni chuqur his qilgan holda, undan oqilona foydalanish, kelgusida jinoyat va huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz bo‘lish, qayta jinoyat sodir qilmaslik borasida tushunchalar berildi.
Shuningdek, afv etilib, oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytgan ushbu fuqarolarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ko‘mak berish borasida mahalla “yettiligi”, tegishli korxona va tashkilotlar vakillariga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.